Tailandning Racha-Yay orolida baliqlarga non bergani uchun rossiyalik ayol qamoqqa olindi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Ayolga qo`riqlanadigan hududlarda amal qilinishi lozim bo`lgan qonun-qoidalarni buzish aybi qo`yildi. Uni garovga qo`yib yuborish uchun 100.000 bat (2800 dollar) talab etildi. Agar qoidabuzar ayol garov pulini to`lasa, to sud hukmi chiqqunga qadar Tailand davlati hududida bo`lishi lozim. Tailandda chiroyli baliqchalarga non tashlashni gidlarning o`zi sayyohlarga taklif etadi. Ammo bunday ko`ngilxushlik sayyohlarga juda qimmatga tushmoqda. Mahalliy qonunlarga asosan qo`riqlanadigan hududlarda joylashgan ko`llardagi baliqlarga, suv hayvonlariga non tashlash qonunbuzarlik hisoblanib, bu ishni amalga oshirgan insonga nisbatan 2800 dollar jarima solinadi yoki bir yilgacha qamoq jazosiga hukm etiladi.






