AsosiyJamiyat

​3 yil muddati o`tgan 6 tonna shokolad va saqichlarning yurtimizga olib kirilishining oldi olindi

'​3 yil muddati o`tgan 6 tonna shokolad va saqichlarning yurtimizga olib kirilishining oldi olindi'ning rasmi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari sifatsiz va iste`mol muddati o`tgan yirik miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlarining yurtimizga olib kirilishining oldini olishdi, deya xabar beradi boshqarma Axborot xizmati.

Poytaxtimizdagi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari temir yo`l konteynerlaridan birini o`rtnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazishganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Bojxona ko`rigi davomida ma`lum bo`lishicha, konteynerlardan birining ichidagi 20 tonnadan ortiq yuklar Latviyadan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi ma`suliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan bo`lib, ular orasidagi salkam 5 tonnayu 800 kg. shokolad va saqichlarning iste`mol muddati deyarli 3 yil avval o`tib bo`lgan. 830 kg.dan ortiq kartoshka chipslarining iste`mol muddatiga esa atigi 1 oy qolgan, xolos.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 13 maydagi "O`zbekiston Respublikasiga iste`mol tovarlari olib kirishni takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 127-sonli qaroriga muvofiq respublikaga olib kiriladigan oziq-ovqat tovarlarini belgilangan tartibda davlat tilida markirovka qilishga doir talablarga ham umuman rioya qilinmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan salkam 2800 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 6,4 mlrd. so`mdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.

Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasida uzluksiz faoliyat yurituvchi 120-76-76 ishonch telefoni orqali xabar berishlari mumkinligini yana bir karra eslatib o`tamiz.

Zero, bu bojxona to`g`risidagi qonun xujjatlarining buzilishining, shuningdek mansabdor shaxslar va bojxona xodimlari tomonidan korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni sodir etilishining zudlik bilan oldini olish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining qonuniy huquq va manfatlarini ximoya qilishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar