1

​Shavkat Mirziyoev Qarshida qishloq xo`jaligi sohasidagi loyihalar bilan tanishdi

Jamiyat 24.02.2017, 14:48
Teglar: Shavkat Mirziyoev
​Shavkat Mirziyoev Qarshida qishloq xo`jaligi sohasidagi loyihalar bilan tanishdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qarshi tumanida qishloq xo`jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

“Nishon ko`zgu” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligi tomonidan Qarshi shahrida chorva mollarini avtomatizasiyalashgan kushxona, go`shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib o`rnatilgan.

Ushbu loyiha iqtisodiy samaradorlik bilan birga ulkan ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Zamonaviy kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining mo`l-ko`lligi hamda xavfsizligini ta`minlaydi. 100 dan ortiq ish o`rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bunday kushxonalarni barcha hududlarda tashkil etish, veterinariya va sanitariya xizmatlarini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash zarurligini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

Yakkabog` tumanida tashkil etilayotgan “Qorabayir otchilik majmuasi” xo`jaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko`paytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200 tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorlarga sotiladi. Qirqdan ortiq kishi ish bilan ta`minlanadi.

Qorabayir otlari milliy iftixorimiz ekani, ularni ko`paytirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari avval Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasini ko`zdan kechirdi.

Qashqadaryo viloyatida qishloq xo`jaligi izchil rivojlanib, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarda yuqori natijalarga erishilmoqda. Ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklari tashkil etilayotgani, xususiy mulkchilikka keng yo`l ochilgani xalqimiz farovonligini oshirish, uni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash imkonini bermoqda.

Ikki ming bosh qoramol boqishga mo`ljallangan zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksi nafaqat viloyat, balki mamlakatimizning boshqa hududlari aholisini ham go`sht va sut bilan ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy qiymati 14 milliard so`m bo`lgan loyihani kelgusi yilning birinchi choragida to`liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar etishtirish uchun 750 gektar er maydoni ajratiladi. Bu erda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna go`sht etishtirish, 140 ish o`rni yaratish ko`zda tutilgan.

Prezidentimiz chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, etishtirilgan mahsulotni shu erning o`zida qayta ishlashni yo`lga qo`yish masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi.

Qamashi tumanida 5 ming bosh kurka boqishga mo`ljallangan majmua tashkil etiladi. Zamonaviy texnologiyalar o`rnatiladigan majmuada yiliga 20 ming bosh kurka jo`jasi etishtirilib, aholiga etkazib beriladi. Uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish o`rni yaratish mo`ljallanmoqda.

Prezidentimiz mazkur loyiha har bir xonadonga 100 tadan jo`ja tarqatish va oilalar daromad manbaini yaratishda muhim o`rin tutishini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbari Tallimarjon suv omborining tabiiy havzasida baliq etishtirish loyihasi bilan ham tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida baliqchilik rivojlanib bormoqda. O`tgan yili viloyatda 4,4 ming tonna baliq etishtirildi. Joriy yilda 33 baliqchilik xo`jaligiga 10,2 milliard so`m kredit ajratish hamda baliq etishtirish hajmini 5,2 ming tonnaga etkazish rejalashtirilmoqda.

Yangi agrofirma viloyatdagi baliqchilik xo`jaliklariga o`z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun mashina-mexanizm xizmatlari, baliq uvildiriqlari, omuxta em etkazib beradi. Etishtirilgan baliqni sotish yoki qayta ishlashni tashkil etishda ham ko`maklashishi ko`zda tutilgan.

Agrofirmada baliq uvildiriqlari etishtirilib, suv omboriga o`tkaziladi. Bu erda baliq chavoqlari etishtiruvchi inkubasion sex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta em ishlab chiqaruvchi sex tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yiliga 500 tonna baliq qayta ishlovchi agrofirmada 90 ish o`rni tashkil etiladi.

Qashqadaryo viloyatida yil bo`yi baliq boqish, ko`paytirish va aholiga etkazib berish, eksportni yo`lga qo`yish imkoniyatlari mavjudligi ta`kidlandi. Bunday agrofirmalar ushbu sohani yanada rivojlantirish, yangi ish o`rinlari tashkil etish, mamlakatimizning oziq-ovqat dasturi rivojiga muhim hissa qo`shishi qayd etildi.

Qamashi tumanida quyon etishtirish, quyon go`shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo`jalik tashkil etilmoqda. “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming bosh quyon etishtirilib, yiliga 120 tonna go`sht va 40 ming dona jun tayyorlanadi.

Xo`jalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez go`sht va qo`shimcha daromad bilan ta`minlanadi.

Davlatimiz rahbari “Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash - III faza” loyihasi bilan tanishdi. Ushbu loyiha viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Loyiha Qarshi nasos stansiyalar kaskadining 1-6-nasos stansiyalarining 9 nasos agregatini yangilash, 850 metr quvurlarni yangilash, suv keltiruvchi kanalni loyqadan samarali tozalash ishlarini amalga oshirishni ko`zda tutadi. Buning uchun jami 128,934 million dollar mablag` sarflanadi. Shuningdek, NS-1 va NS-2 oralig`idagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirg`oq dambasini ta`mirlash rejalashtirilgan.

Loyihani bajarish natijasida 402 ming gektar sug`oriladigan maydonning suv ta`minoti yaxshilanadi. Nasos stansiyalarida har yili 106,55 million kVt soat elektr energiya tejalib, qishloq xo`jaligida daromadlar oshishiga, pirovardida hududni yanada taraqqiy ettirishga erishiladi.

Davlatimiz rahbari bu Qashqadaryo qishloq xo`jaligining yuragi ekanini, uni tezroq va sifatli amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.

Sharhlar

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
"Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va u erda tinch hayotni tiklash muhim". Shavkat Mirziyoev Ostonadagi sammitda nutq so`zladi

13.10.2022, 11:20

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...
Shavkat Mirziyoev Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib berdi (foto)

29.08.2022, 11:46

Avval xabar qilganimizdek, Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Urganch shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga...
Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai Munavvara ziyoratidan boshladi (video)

17.08.2022, 16:42

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai munavvara ziyoratidan boshladi. O`zbekiston rahbari Madina...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1