AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegasiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi

'​O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegasiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi'ning rasmi

Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi taklifiga binoan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegasiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullaevning Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi Bosh prokurori Sao Szyanmin bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Tomonlar idoralararo hamkorlikning ahvoli va istiqbollarini muhokama qildilar, ikkala davlatda jamiyatda adolatni ta`minlash va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan sud-huquq islohotlari borasida o`zaro fikrlar almashdilar.

Oliy xalq prokuraturasi vakillari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan boshqaruvni modernizasiya qilish, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va huquqiy davlat qurish borasida amalga oshirilgan yangiliklar bilan tanishtirildi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki davlat prokuraturalari o`rtasida shakllangan o`zaro ishonch va hamkorlikning yuqori darajada ekanligini alohida ta`kidlab, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta`minlashda birgalikda harakat qilish muhimligini qayd etdilar.

O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasida diplomatik aloqalarning yo`lga qo`yilganidan buyon o`tgan 25 yil davomida mazkur sohada mustahkam shartnomaviy asos yaratilgan. O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasida fuqarolik va jinoiy ishlar bo`yicha huquqiy yordam to`g`risidagi (Pekin, 11.12.1997 y.), ekstradisiya to`g`risida shartnomalar (Pekin, 08.11.1999 y.), O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi Bitim imzolangan.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasi o`rtasida 2017-2018 yillarga mo`ljallangan hamkorlik Dasturi hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o`quv kurslari va Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq prokuraturasining Davlat prokurorlar instituti o`rtasida o`zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi tashrif davomida Oliy xalq prokuraturasining Davlat prokurorlar institutida bo`ldilar, shuningdek Shanxay shahar prokuraturasining tadbirkorlikni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo`yicha faoliyati bilan tanishdilar.

    Boshqa yangiliklar