AsosiyJamiyat

​Halima Xudoyberdieva: "Hozirgi qo`shiqlarni tinglab ranjiyman..."

'​Halima Xudoyberdieva: "Hozirgi qo`shiqlarni tinglab ranjiyman..."'ning rasmi

Yigirmadan ortiq she`riy to`plamlar, dostonlar va publisistik maqolalar sohibasi, nafaqat shoira, balki otash­nafas publisist — O`zbekiston xalq shoiri Halima XUDOYBERDIEVA ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"Ertadan kechgacha qo`y-qo`zi boqardik"

— 1947 yilning 17 mayida Sirdaryo viloya­tining Boyo­vut tumanida tug`ilganman. Otam Ummatqul Xudoyberdiev bog`bon edi. Onam Sharofat Xonnazar qizi ikki yoshligimda vafot etgan ekan. Shunda xolam Qarshigul Xonnazar qizi onalik qilgan, ular agronom edilar. Oilada beshta farzand: uch o`g`il, ikki qizning to`ng`ichiman. Mening bolaligimdan ziyo­da o`tgan bolalik bo`lmasa kerak, juda sho`x qiz edim. O`zbe­kis­ton xalq shoiri Abdulla Oripov “Bolalikning ko`zi katta bo`ladi”, deganida balki shuni nazarda tutgan bo`lsa, ajabmas. Qo`g`irchoq o`ynash o`rniga vaqtim dalada o`tardi. Qo`shnilar bilan ertadan kechgacha qo`y-qo`zi boqardik, o`ynash ham yodimizdan chiqmasdi. Bolalarcha o`t-o`lan­lardan yasagan uychamiz ham bo`lardi (kuladi). Yodimda, otam g`o`zapoyani qirqib, quriganlarini bog`lab, eshakka ortardi. Tasavvur qilyapsizmi, eshakning ikki tarafida g`o`zapoya, o`rtada men o`tirib, uygacha bir o`zim ketardim.


"IMTIHONDA ShUMLIGIM TUTGAN"­

— 8-o`rta maktabda a`lo baholarga o`qiganman. Ifodali o`qish qobiliyatim bo`lgani bois ustozlarim yozuvchilarning asarlarini o`qitishni kanda qilmasdi. Qiziqishim sabab, uch yil raqs va qo`shiq kuylash to`­ga­ragiga ham qatnaganman. 10-sinfni bitirishim arafasida o`sha paytdagi davlat rahbari Sharof Rashidov Sirdaryoga kelgan va viloyat gazetasini varaqlay turib, bir betda rasmim bilan chop etilgan she`r­larimga ko`zi tushgan ekan. Shu zahoti, viloyat rahbarini cha­qirtirib, “Shu qiz­ning uyiga borib, otasi bilan gaplashinglar. Toshkentga borib o`qishiga yordam ­beramiz”, degan ekanlar. Aslida etti yoshdan she`r yozishni boshlaganman. Hanuz yodimda, ustozim “Yangi yil ham eshik qoqib turibdi, bayramga mos she`r yozib kelinglar”, deya uy vazifasi bergan. Onamning Olaqashqa laqabli oti bor edi, ilk qofiyali she`rim shu haqda bo`lgan. Aslida uydagilar meni “Halimaning hatto gapirishi ham qofiyali”, deb kulishardi. Uyimdagilarni bilmadimku-ya, lekin menda bolaligimdan “Katta shoira­ bo`laman” degan qat`iy ishonch bo`lgan.

Shu tariqa ota-onam meni Toshkentga olib borishgan va hozirgi O`zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetiga hujjat topshirganman. Kirish imtihonida Rasul Hamzatovning “Sakkizlik­lar” va latish shoiri Eduardas Mejelaytisning “Inson” kitobini yoddan bilganim uchun shu ikki shoirning asarini o`qib berganman. Boshqa savol bermay, o`qishga qabul qilishgan. Shoir Usmon Azim talabalik paytlarni xotirlasa, “Biz tinmay o`qib tayyorlanib, ming azob bilan imtihondan o`tardik. Halima bo`lsa, istalgan shoirning ijodini yoddan aytib, osongina qutilardi”, deydi (kuladi). Xotiram yaxshi edi-da. Bir gal “Siyosiy iqtisod” fani imtihonida shumligim tutgan, dom­lamiz juda qattiqqo`l edi. Baxtimga domlani kimdir chaqirib qoldi, biroz kutdim qaytmadi. Domlaning stolida turgan biletlar orasidan o`zim bilgan savoldan iborat biletni topib, chetiga ruchkada belgi qo`yib, joyim­ga o`tirdim. Domla xonaga qaytgach, ikkita kursdoshim bilet olgani chiqqach, “biletimni boshqa olib qo`ymasin”, degan qo`rquv bilan birinchilar qatorida yugurib chiqqanman. Javob­larni bilaman-ku, lekin domla bilib qolmasin, deb biroz tayyor­langan kishi bo`ldim. Keyin ham­ma savollarga yoddan javob berib, jadvaligacha chizib bergandim (kuladi).

1969 yili — 1-bos­qich­da o`qib yurgan kezlarim “Ilk muhabbat”, 1973-yili 3-bosqichligimda esa “Oq olmalar” kitoblarim nashrdan chiqqan. Ayni shu pallada Yozuvchilar uyushmasi tomonidan menga ikki xonali uy ham berilgandi.­


"Bolamni tashlab ketish oson bo`lmagan"

— She`rlarim ko`pgina nashrlarda chiqqani uchun ozmi-ko`pmi tanilib qolgandim. Shoira Zulfiya ham “Universitetni tamomlagach, “Saodat” jurnaliga ishga kelgin”, deb aytardi. Rad etmadim, “Adabiyot va san`at” bo`limi boshlig`i qilib ishga olishdi. Yarim yildan keyin Yozuvchilar uyushmasidagilar meni Moskvaga o`qishga yuborish istagida ekanini bildirishdi. Onam juda mard ayol edi, “O`g`lingga sendan yaxshi g`amxo`rlik qilaman, o`qishga ketaver”, degan. O`qishga ketish istagim kuchli bo`lishiga qaramay, bir yarim yoshli bolamni tashlab ketish oson bo`lmagan.

Moskvadagi Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutining Oliy kursida olgan bilimim orqali rus adabiyotini chuqur o`rganganman. Shu ikki yilni hech mubolag`asiz, oltin davrim, deya olaman. Eng qizig`i, kitob sotib olish uchun kitob do`konida yarim tunga qadar navbatda turardik. Hozir hamma imkoniyatlar bor, yoshlarimiz unumli foydalanib, kompyuterdan emas, kitobdan bosh ko`tarmasa qaniydi...

Ikki yillik o`qishni tamomlab, 1978 yili Toshkentga qaytgach, “Yosh gvardiya” — hozirgi “Yangi asr avlodi” nashriyotida bo`lim boshlig`i vazifasiga ishga olishgan. “Saodat” jurnaliga qaytib ishga olinmaslik sharti bilan Moskvaga yuborishganini qaytib kelganimdan so`ng bilganman-da. Nash­riyotda yarim yil ishlaganimdan so`ng vaziyat o`zgardi chog`i “Saodat” jurnaliga bosh muharrir o`rinbosari qilib ishga olishgan. Zulfiya opa sog`ligi sabab, nafaqaga chiqqanida, bosh muharrir bo`lib ham ishladim. Shu kezlari O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi kengashining ilk raisi bo`lganman. “Sao­dat” jurnalida o`n yil, O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasining kengashi raisi­ sifatida olti yil ishladim. 1995-1996 yillarda “Yozuvchi” nashriyotida etakchi muta­xassis va “Gu­lis­­ton” jur­nalida adabiyot bo`limini bosh­qar­gan­man.


"FARZAND DOFI..."

— Turmush o`rtog`im Mavlon aka bilan uyimiz orasi bor-yo`g`i uch kilometr bo`lsa-da, bir-birimizni tanimaganmiz. Universitetni tamomlaganimda, ikkimizni ham taniydigan Guljahon opa tug`ilgan kunga taklif qildi. O`sha davrada bir yozuvchi yigit kesatiq gaplar bilan g`ashimga tegaverdi. Bir vaqt o`sha yozuvchi yigit bilan Mavlon aka yo`q bo`lib qolishdi. To`yimizdan keyin Mavlon aka aytib bergan, tashqariga olib chiqib, ikkita musht tushirib, o`ziga keltirib qo`ygan ekan (kuladi). Mavlon aka bilan tanishuvimiz o`sha kundan boshlangan. Lekin muhabbatini so`zda emas, xatti-harakat, e`tibori bilan bildirardi. Men Moskvaga o`qishga borganimda, Mavlon aka u erda aspiranturada o`qirdi. Ikki yil Moskvada o`qigan bo`lsam, biror marta aeroport kassasini ko`rgan emasman. Mavlon aka chiptalarimni o`zi olib kelib, amakisining mashinasida kuzatib qo`yardi. Dunyoqa­rashimiz bir-biriga mos keldi, shekilli, ota-onamizning­ duosi bilan 1977 yili o`sha erda turmush qurdik. Ikkovimizning ham ikkinchi turmushimiz bo`lgani bois katta to`y qilmaganmiz. Baxtli hayot kechirdik, besh farzand: uch o`g`il, ikki qizning ota-onasi edik. Uch yil avval uchinchi farzandim — o`g`lim 38 yoshida to`satdan vafot etdi. Gavdali bo`lgani bois laqabi Gerkules edi. Ishonsangiz, hatto kasallik varaqasi ham bo`lmagan. Kutilmaganda “Oshqozonim og`riyapti”, deb yurib... Farzand dog`ini hech kimga ravo ko`rmayman... Endi-endi o`zimga kelib, ijod ko`nglimga sig`ishni boshlayapti.

Birinchi turmushim bir yil-u ikki oy davom etgan. Ota-onalarimiz bolalikdan quda bo`lishni niyat qilishgan ekan. Shu tariqa, maktabni tamomlashim bilan to`yimiz bo`lgan. Qaynonam “Aslida Halima kelinlarimning oldi, agar Toshkentga o`qishga ketsa, kelin sifatida qabul qilmayman”, degan. O`qishni tanlaganim bois oilam buzilgan...

Ijod yo`limga nazar solsam, yigirma ikki yil tanaffus qilishga to`g`ri keldi. Biroq ko`ngilga siqqan vaqti qog`oz qoralab turganman. Sanasam, shu yillar mobaynida o`n ettita kitobim nashrdan chiqibdi. Birgina armonim — o`g`limni erga qo`yganim...

2012 yil yurak xurujini boshdan kechirdim... Ko`rgan qiyinchiliklarimga qaramay, hayotimdan mamnunman. Hamma bergan ne`mat, imkoniyatlariga benihoya shukr! Turmush o`rtog`im Mavlon aka bilan o`nta nabiraning buva-buvisimiz. 1990 yil Hamza nomidagi Davlat mukofoti, 1992 yilda esa O`zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlandim. Ijodkor sifatida nimagadir erishgan bo`lsam, buning sababchilari avvalo o`z onam Sharofat Xonnazar qizi, otam Ummatqulboy Xudoyberdiev, onaizorim Qarshigul Xonnazar qizi, ulardan benihoya min­nat­dorman!­­


"DIDLI IJODKOR BO`LSA, ShE`R TANLAY BILADI"

— Bugungi kundagi ko`pchilik qo`­shiq­larni tinglab, ochig`i ranjiyman. Saviya masalasi haminqadar bo`lib qolgan. Hamma gap xonandada, agar didli ijodkor bo`lsa, she`r tanlay biladi, istalgan matnni qo`shiq qilavermaydi. Buyurtmaga she`r yozdirishni oqlamayman. Boisi kitobdagi tayyor­ she`rda mavzu va ma`no­ ko`lami nihoyatda keng va chuqur, dard ham bo`ladi. Bunday she`rdan foydalanib, yozilgan qo`shiq yurakka etib borishi shubhasiz. Afsuski, xonandalarimiz kitob varaqlashga erinadi.

Adabiyot katta mehnatni talab qiladigan soha. Maksim Gorkiy o`z vaqtida “Ko`p va har xil shoirlar kerak”, degandi. Bugun shu davrga keldik, endi ularni saralash kerak, xolos.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV.

    Boshqa yangiliklar