O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 mart kuni AQShning etakchi kompaniyalaridan biri "Jeneral Elektrik" kompaniyasi vise-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va o`zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladi, deb yozadi O`zA.
Yaqinda Toshkentda AQShning "Jeneral Elektrik", "SiEnEych Indastrial", "Katerpillar", "Xanivell", "Prokter end Gembl" va boshqa etakchi kompaniyalari ishtirokida Amerika – O`zbekiston savdo palatasining biznes-forumi muvaffaqiyatli o`tdi.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda O`zbekiston korxonalarining iqtisodiyotning turli sohalarida jahondagi etakchi texnologik kompaniyalardan biri bo`lgan "Jeneral Elektrik" bilan hamkorligi energetika majmui, fuqaro aviasiyasi va sog`liqni saqlash sohalarini qamrab olgan.
Uchrashuv chog`ida ushbu kompaniya bilan uzoq muddatli, ayniqsa, yuqori texnologik tarmoqlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikasiya qilish istiqbollari muhokama qilindi. Bular elektr energetika, neft va gaz, elektrotexnika sanoati, zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko`rsatish va boshqa yo`nalishlardagi yangi dastur va loyihalardan iboratdir.
Uchrashuvda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Ronald Jeyms Pollett samimiy qabul va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o`rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlayotgani uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, "Jeneral Elektrik" O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta`kidladi.
AQSh kompaniyasi vise-prezidentining mamlakatimiz vazirliklari va idoralarida o`tkazgan uchrashuvlari yakunida iqtisodiyotning turli sohalarida qo`shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish to`g`risida memorandum imzolandi.






