Bugun Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston voleybol federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo`lib o`tdi., deya xabar bermoqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati.
Konferensiyani qo`mita Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda 2013-2016 yillar davomida olib borilgan ishlar bo`yicha federasiya rahbariyatining hisoboti tinglandi.
Ma`lumki O`zbekistonda voleybol o`zining boy tarixi va an`analariga ega sport turi hisoblanadi. O`z vaqtida yurtimizdan bir qator iqtidorli voleybolchilar etishib chiqqan va ular turli musobqalarda zafar quchib, mazkur sport turining butun yurtimiz bo`ylab ommaviylashuviga xizmat qilishgan. Bular qatoriga Olimpiya o`yinlari chempionlari V.Duyunova va L.Pavlova, yoshlar o`rtasida Evropa chempionlari L.Ishmaeva, L.Suleykina, O.Belova, L.Lepilina, O.Dubyaga, S.Myachinlarni qo`shishimiz mumkin.
Lekin, so`nggi yillarda mamlakatimizda voleybol sport turini rivojlantirish, ommaviyligini oshirish, zaxira sportchilarni tayyorlab borish, yosh iqtidorli sportchilarni saralash, tuman-shahar va viloyat musobaqalarini o`tkazishga e`tibor kamayganligi yaqqol ko`zga tashlanib qoldi.
Eng avvalo federasiyaning avaalgi rahbariyati tomonidan O`zbekistonda voleybol sport turini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmadi, federasiyaning 10 ta hududiy bo`limlarida faoliyat talab darajasida yo`lga qo`yilmadi, sport musobaqalari tizimli ravishda, ya`ni tuman, viloyat bosqichlari deyarli o`tkazilmadi va eng muhimi ommaviylikka e`tibor qaratilmaganligi sababli seleksiya va saralash ishlari yaxshi tashkil etilmadi.
Shu boisdan ham federasiya rahbariyatida o`zgarish qilish, ishni qaytadan, samarali tashkil etish, sportning ushbu turini yoshlar orasida ommaviylashuviga e`tibor qaratish va shu orqali terma jamoalarga munosib nomzodlarni saralab olish, bir so`z bilan aytganda federasiya ishini tubdan isloh qilish bugungi kun talabi edi.
Konferensiyada tashkiliy masala ko`rib chiqildi va O`zbekiston voleybol federasiyasi raisi lavozimiga “O`ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Ergash Raxmatullaevich Shoismatov, uning birinchi o`rinborsari lavozimiga “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug`ani Abduraxmonovich Komilovlar bir ovozdan saylanishdi.
Shuningdek, O`zbekiston voleybol federasiyasi raisi o`rinbosari etib Sherzod Mahmudovich Xushvaqtov, federasiya Bosh kotibi etib esa Sanjar Abdualievich Abdullaevlar saylanishdi.
Konferensiya ishida O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov va Milliy olimpiya qo`mitasi raisi Alisher Sultanovlar so`zga chiqib voleybol federasiyasining yangi rahbariyati oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida urg`u berib o`tishdi.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi hamda Milliy olimpiya qo`mitasi bilan birgalikda mazkur sport turi samaradorligini oshirishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududiy federasiyalar faoliyatini qayta ko`rib chiqib, ishini jonlantirish, Olimpiya zaxiralari kollejlarida voleybol bo`limlarini tashkil etish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasiga taklif kiritish, voleybol sport turini ommaviyligini oshirish maqsadida tuman, shahar va viloyat bosqichlari musobaqalarini tashkil etib, mavjud sport bazalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda bino va inshootlarni kapital ta`mirlash va rekonstruksiya qilish, Xalqaro voleybol federasiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va mamlakatimiz voleybol federasiyasi vakillarini Osiyo va Xalqaro voleybol federasiyasi rahbariyati tarkibiga kiritish choralarini ko`rish federasiya oldida turgan asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Shuning bilan O`zbekiston voleybol federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi o`z ishini yakunladi.






