​Prezident Shavkat Mirziyoev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bir-biriga tabrik yo`lladi

Jamiyat 03.03.2017, 10:05
Teglar: BMT, O`zbekiston, Shavkat Mirziyoev
​Prezident Shavkat Mirziyoev va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bir-biriga tabrik yo`lladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Sizni va O`zbekiston Respublikasi xalqini mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo bo`lganining yigirma besh yilligi bilan samimiy tabriklayman.

1992 yil 2 martdan buyon O`zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti a`zosi sifatida iqlim o`zgarishi, yadroviy qurolsizlanish, tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash kabi sohalarga muhim hissa qo`shib kelmoqda. BMT O`zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi, tinchlik va taraqqiyot yo`lida ishonchli sherik sifatida mamlakatingiz bilan hamkorlikni davom ettiradi. Xususan, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markaz va BMTning O`zbekistondagi vakillari bilan hamkorlik uchun mamlakatingizga alohida minnatdorligimni izhor etmoqchiman.

Sizni ishontirib aytamanki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti O`zbekiston Respublikasi bilan bundan keyin ham yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdor, ayniqsa, 2030 yilgacha mo`ljallangan Barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirish va O`zbekistonning yanada taraqqiyotga erishishi yo`lidagi harakatlari muhim ahamiyatga ega.

Janobi Oliylari, Sizga bo`lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Eng ezgu tilaklar bilan,
Antoniu Guterrish,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti
Bosh kotibi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janobi Oliylariga

Muhtaram janob Guterrish!

Sizni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimidagi mas`uliyatli faoliyatingizni muvaffaqiyatli boshlaganingiz bilan samimiy muborakbod etish hamda ushbu olijanob va jahon hamjamiyati uchun g`oyat muhim bo`lgan ishingizda yuksak omad tilash menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi.

2 mart kuni biz hamkorligimizning muhim sanasi – O`zbekiston Respublikasi BMTning to`la huquqli a`zosi bo`lganining 25 yilligini nishonlamoqdamiz. Ushbu tarixiy voqea O`zbekiston mustaqil taraqqiyotida, milliy davlatchiligimiz va suverenitetimiz jahon miqyosida e`tirof etilishida eng muhim asoslardan biri bo`ldi.

Ishonch bilan ayta olamanki, mustaqil O`zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub`ekti sifatida BMT nufuzini oshirish va salohiyatini mustahkamlashga, uning Nizomida belgilangan maqsad va vazifalarni ro`yobga chiqarishga munosib hissa qo`shdi.

Tashkilotga a`zo bo`lish mamlakatimizga tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik masalalarini global darajada ilgari surish, zamonamizning qator eng murakkab xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolarini hal qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini berdi.

O`zbekiston 1993 yilda ilgari surgan va BMT ko`magida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan Markaziy Osiyoda Yadro qurolidan xoli hudud barpo etish tashabbusi yadro qurolini tarqatmaslik tartibini ta`minlashga salmoqli hissa bo`lib qo`shildi.

O`zbekistonning Afg`oniston mojarosiga siyosiy yo`l bilan echim topishga qaratilgan Afg`oniston Islom Respublikasiga qurol-yarog` etkazib berishga embargo joriy etish bo`yicha 1995 yilda va “6+2” muloqot guruhini tuzish bo`yicha 1997 yilda ilgari surgan amaliy takliflari juda qisqa muddatda etakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Afg`onistonda tinchlik o`rnatishga qaratilgan faoliyatini birlashtirishga xizmat qildi.

Bosh kotiblar janob Kofi Annanning 2002 yilda, janob Pan Gi Munning 2010 va 2015 yillarda O`zbekistonga tashriflari Markaziy Osiyo mintaqasida taraqqiyotga erishish hamda mamlakatimiz va BMT o`rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Janob Pan Gi Munning 2010 yilda Orolbo`yida bo`lgani Orol fojeasi va ekologik ofatga tutash mintaqalarga jahon hamjamiyatining e`tiborini kuchaytirishda muhim rol o`ynadi.

Shu munosabat bilan Sizga va butun Tashkilotga BMT shafeligida Orol dengizi va Orolbo`yi hududi bo`yicha maxsus Trast jamg`armasini tuzishga qaratilgan sa`y-harakatlar qat`iy qo`llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildiraman. 2017 yil 10 fevralda BMTning “Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko`rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash” dasturi amalga oshirila boshlangani bu boradagi muhim qadamlardan biri bo`ldi.

Muhtaram janob Bosh kotib!

Bugun dunyo ijtimoiy-siyosiy sohalardan tortib ekologik muammolargacha qamrab olgan turli tahdid va xatarlar tobora ko`payib borayotganiga duch kelmoqda. Jahon iqtisodiyotida kon`yunktura o`zgarayotgan, globallashuv va raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoit barcha mamlakatlarning yanada barqaror va uyg`un rivojlanishi uchun mutlaqo yangi g`oya va prinsiplarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.

O`zbekiston 2015 yil sentyabr oyida BMT sammitida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali amalga oshirishga doir global miqyosda ko`rilayotgan chora-tadbirlarni ma`qullaydi va har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal yangilash uchun sharoitlar yaratish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda 2017 yil 7 fevral kuni 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatning asosini mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar isloh qilishning konseptual masalalari tashkil etadi.

Harakatlar strategiyasining asosiy qoidalari Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ekanini alohida ta`kidlamoqchiman. Bu samarali hamkorligimiz uchun mustahkam zamin bo`lib xizmat qilishiga ishonaman.

Siz bilan joriy yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo`ladigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida uchrashamiz, degan umiddaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga, janob Guterrish, mustahkam sog`lik, omad, mas`uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Samimiy hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sharhlar

O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari bilan uchrashuv bo`ldi

15.03.2023, 10:55

2023 yil 13 mart kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlaribo`yicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuv bo`ldi. Uchrashuvda O`zbekistonda inson...
⚡️Qirg`iziston va O`zbekiston hamkorlikda ishlab chiqaradigan avtomobillarning narxlari e`lon qilindi

24.01.2023, 10:47

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorlikda 19 turdagi engil avtomobillar, jumladan mikroavtobus, pikap, sedan va boshqalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 13...
Putin O`zbekistondagi g`ayritabiiy sovuqlar haqida fikr bildirdi (video)

18.01.2023, 11:45

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sovuqlar haqida fikr bildirdi. Rossiya rahbari bosh vazir Mixail Mishustindan agrosanoat majmuasida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1