AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev Osiyo taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev Osiyo taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 mart kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakaoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va infratuzilmasini modernizasiya qilish bo`yicha ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida O`zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o`rtasidagi o`zaro manfaatli sheriklik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladi.

Bugungi kunda hamkorlik portfeli umumiy qiymati 14 milliard dollardan ziyodni tashkil etuvchi 59 loyihani o`z ichiga olgan bo`lib, ularni moliyalashtirish uchun bankning 6 milliard dollardan ko`proq mablag`i jalb qilingan.

Tollimarjon va Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalarida zamonaviy bug`-gaz qurilmalarini barpo etish, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini modernizasiya qilish, qishloq joylarda namunaviy uy-joy qurish, mamlakatimizning turli hududlarida suv ta`minoti tizimi va sanitariya ob`ektlarini rekonstruksiya qilish, Amu-Buxoro mashina kanali tizimini qayta tiklash, Maroqand-Qarshi temir yo`lini elektrlashtirish, kichik biznesni, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va boshqa loyihalar Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan yirik loyihalar sirasiga kiradi.

Uchrashuvda 2017-2019 yillarga mo`ljallangan qo`shma dastur doirasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Aholi, ayniqsa, qishloq aholisi turmush darajasini oshirish, tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash, agrar tarmoqni modernizasiya qilish, yo`l-transport infratuzilmasi, muqobil energetikani rivojlantirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va boshqa yo`nalishlarga qaratilgan ustuvor loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

OTB prezidenti samimiy qabul va o`zaro sheriklik munosabatlarini mustahkamlashni qo`llab-quvvatlayotgani uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, Osiyo taraqqiyot banki O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta`kidladi.

OTB delegasiyasining mamlakatimiz vazirliklari va idoralarida o`tkazgan uchrashuvlari yakuni bo`yicha bankning 573 million dollarlik mablag`ini jalb qilgan holda kichik biznes, meva-sabzavotchilik sohalari, suv ta`minoti tizimi va avtomobil yo`llari infratuzilmasini rivojlantirishga doir 4 loyihani amalga oshirish bo`yicha kelishuvlar imzolandi.

O`zbekistonga tashrifi davomida Takexiko Nakao Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bo`lib, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilgan investisiya loyihalarining natijalari bilan tanishdi.

    Boshqa yangiliklar