AsosiyJamiyat

​Harbiylar giyohvandlik va terrorizm tahdidlaridan ogohlantirildi

'​Harbiylar giyohvandlik va terrorizm tahdidlaridan ogohlantirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Toshkent viloyati hududidagi harbiy qismlaridan birida giyohvandlik, diniy ekstremizm va fundamentalizm singari illatlarning ayangchili oqibatlariga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbir o`tkazildi.

Unda harbiy xizmatchilar, tegishli idora va tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so`zga chiqqanlar bugungi kunda dunyo hamjamiyatini o`ylantirib turgan global muammolar, xususan narkomaniya va narkotik vositalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm va ekstremizm singari illatlar ham ularning xavfli oqibatlari haqida so`z yuritishdi.

“Sarobga aldanib qolmaylik”

Bugun tevara-atrofda yuz berayotgan o`zgarishlar barchamizdan yanada ogohlik va sergaklikni, tinchlik va osoyishtalikning qadriga etishni talab etmoqda. Ayni paytda Iroq, Suriya, Afg`oniston singari mamlakatlarda turli xunrezliklar, qurolli to`qnashuvlar hamon davom etmoqda. Eng achinarlisi bunday xatti-harakatlar mehr-shafqat, ezgulik va bag`rikenglik dini bo`lmish islom niqobi ostida sodir etilmoqda.

Afsuski, ana shunday terroristik guruhlar safida qanchadan-qancha begunoh insonlar qoniga zomin bo`layotganlar orasida bizning vatandoshlarimiz ham uchrab turibdi. Birinchi navbatda dinimizning asl-mazmun mohiyatidan bexabarlik, siyosiy va huquqiy savodxonlik darajasining pastligi ayrim yoshlarning shunday g`arazli oqimlar ta`siriga tushib qolishiga sabab bo`lmoqda.

- Bugungi kunda harbiy xizmatchilar orasida ham hushyorlik va ogohlikni oshirish dolzarb masalalardan hisoblanadi, - deydi mayor A.O`tapo`latov. - Xususan ularda turli axborot xurujlariga nisbatan sog`lom fikr va yondashuvni shakllantirish, diniy ekstermizm va terrorizm tahdidlariga qarshi immnitetni hosil qilishni vaziyatning o`zi taqozo etmoqda. Zero, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan, hali katta hayotiy tajribaga ega bo`lmagan harbiy xizmatchilarning ongida mafkuraviy bo`shliq yuzaga kelmasligi lozim.

Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglik ta`minlanayotgani, inson qadr-qimmati ulug`lanayotgani qayd etildi.

Sog`lom hayotga muqarrar tahdid

Sir emaski, mamlakatimizda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish borasida keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Shu bilan birgalikda kashandalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik singari illatlarga qarshi kurashish bo`yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bugun narkotik vositalar savdosiga qarshi kurash global miqyosda davom etayotgan bo`lsa-da, bu mash`um illat hamon insoniyat boshiga mudhish soya tashlab turibdi. Har yili millionlab insonlar bu mudhish illatning qurboniga aylanishmoqda. Uning ta`sirida oilalar parokandalikka uchrab, farzandlar etim qolayotgani ham izoh talab etmaydi.

Giyohvandlik OITS singari bedavo kasalliklarga, mudhish jinoiy hatti-harakatlarga yo`l ochayotgani ham barchamizga ayon. Afsuski, bu illatga qarshi keng miqyosda kurash olib borilayotgan bo`lsa-da, mamlakatimizga ham uning domiga ilinayotganlar uchrab turibdi.

- Giyohvandlik ixtiriy tarzda halokat sari odimlashdir, - deydi Qibray tumani tibbiyot birlashmasi bosh narkologi Rabbim Tojiqulov. – Mamlakatimizda uning oldini olish, aholi, ayniqsa yoshlar o`rtasida bu illatning salbiy oqidatlarini tushuntirish borasidagi ishlar muntazam davom etyapti. Biroq, jamiyatimizda birgina inson ana shu ofatning changaliga tushar ekan, demak targ`ibot ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Zotan, giyohvandlik nainki bir inson yoki bir oilaning, balki jamiyatning hayotidagi fojiadir. Shu bois bu borada har birimiz, jumladan harbiy xizmatchilar ham ehtiyotkorlikni, ogohlikni qo`ldan bermasliklari, bunday illatlarga yaqin yo`lamasliklari lozim.

Tadbir ishtirokchilari o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mazkur illatlar mohiyati, mudhish oqibatlariga bag`ishlangan filmlar ham namoyish qilindi.

    Boshqa yangiliklar