O`zbekiston kiberfutbol assosiasiyasi, dunyoning ilk kiberfutbol Professional ligasi – RCFL, virtual sport o`yinlari va kiberfutbol Federasiyasiga aylantirildi
O`zbekiston kiberfutbol assosiasiyasi virtual sport o`yinlari va kiberfutbol Federasiyasiga aylantirildi. Joriy yilning 28 fevralida Adliya vazirligi tomondan ro`yxatga olingan yangi tashkilot virtual sport o`yinlarini ommalashtirish, musobaqa va chempionatlarni tashkil etish bilan shug`ullanadi, deb xabar berdi uzreport.uz.
Hech kimga sir emaski, kibersport kundan kunga butun dunyoda ommalashib bormoqda. Sportning virtual turi 1997 yilda paydo bo`lgan. Aynan o`shanda ilk CPL kibersport ligasiga asos solingan edi. Bugunga kelib, kibersportning shuter, fayting va sport simulyatorlari kabi virtual turlari mashhurdir.
Dunyoning ilk nodavlat, notijorat tashkiloti bo`lmish kiberfutbol Assosiasiyasiga O`zbekistonda asos solingani quvonchli holdir. Assosiasiya faoliyatini 32 nafar dunyoning eng zo`r kiberfutbolchisi qatnashgan kibersport bo`yicha o`tkazilgan jahon ESWC chempionatida ishtirok etishdan boshlagan edi.
Assosiasiya tashkil etilganiga ko`p vaqt bo`lmasa-da, u katta yutuqlarni qo`lga kiritdi. Faoliyatining ilk oylaridayoq O`zbekiston futbol Federasiyasining rasmiy a`zosiga aylandi, barcha Professional futbol klublari ligasi bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish haqidagi shartnomalarni imzoladi. Shu tarzda O`zbekistonning yigirmaga yaqin futbol klubi kiberfutbolchilarni o`z tarkibiga kiritdi.
2016 yilning noyabr oyida futbol Federasiyasi oliy va birinchi ligadan tashkil topgan dunyoning ilk Professional kiberfutbol ligasi bo`lgan RCFL ni tashkil etish loyihasini qo`llab-quvvatladi. Assosiasiyaning eng zo`r yutuqlaridan biri O`zbekistonda ilk marotaba ochilgan kibersport musobaqalarini o`tkazish bo`yicha professional maydon –UZ Arenaning ochilishi bo`ldi.






