Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 6 mart kuni bo`lib o`tdi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegasiyalari ishtirokida muzokara o`tkazdilar. Ularda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikasiyalari, qishloq xo`jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deb yozadi O`zA.
Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo`shma bayonotni, O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasida strategik sheriklik to`g`risidagi shartnomani imzoladilar. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o`rtasida iqtisodiyot, qishloq xo`jaligi va kimyo sanoati, temir yo`l transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.
Turkmanobod shahridagi «Ruhiyat» saroyida O`zbekiston va Turkmaniston san`at ustalarining konserti namoyish etildi. Bu o`zbek va turkman xalqlarining bir-biriga yaqinligini yaqqol namoyon etdi, mamlakatlarimizning zamonaviy va mumtoz san`ati bilan keng tanishish uchun qulay imkoniyat bo`ldi.
Saroy foyesida o`zbek va turkman xalq amaliy san`ati buyumlari namoyish etildi.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga davlat tashrifi yakuniga etdi.
Turkmanobod aeroportida O`zbekiston Prezidentini Turkmaniston Prezidenti kuzatib qo`ydi.
Prezidentimizning Turkmanistonga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo`lib o`tgan madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik yaxshi qo`shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Avvalroq davlat rahbalari Turkmanoboddagi Islom Karimov nomi berilgan ko`chada yodgorlik majmuasining ochilish marosimida ishtirok etganliklari haqida xabar bergandik.






