Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning taklifiga binoan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017-yil 6-7-mart kunlari Davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo`ldi.
An`anaviy do`stona va o`zaro ishonch muhitida o`tgan muzokaralar davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama keng ko`lamli hamkorlikning barcha jabhalari, shuningdek xalqaro maydondagi hamjihatlik sohalari bo`yicha fikr almashdilar. Tomonlar ko`rilgan barcha masalalar bo`yicha qarashlar o`xshash ekanligini ta`kidladilar.
O`zbek tomoni Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovga Turkmanistonda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish bo`yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi. Davlat rahbarlari Turkmanobod shahrida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov siymosi tasvirlangan haykalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Prezidentlar muqaddam erishilgan kelishuvlar va imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning bajarib borilishini muhokama qilib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalar rivojining yuqori sur`atini qayd etdilar. O`zbek-turkman munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga intilgan holda, Davlat rahbarlari qardosh xalqlar o`rtasidagi tarixan shakllangan an`anaviy do`stona va ahil qo`shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi O`zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o`rtasida strategik sheriklik to`g`risidagi Shartnomani imzoladilar.
Tomonlar teng huquqlilik, ahil qo`shnichilik, o`zaro foyda, o`zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida keng ko`lamli hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettirishda o`zaro manfaatdorlikdan kelib chiqqqan holda, ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslarini, turli darajalarda siyosiy maslahatlashuvlar o`tkazish amaliyoti va hamjihatlikni yanada takomillashtirish muhimligini e`tirof etdilar.
Tomonlar xalqaro maydondagi hamkorlik ikkala mamlakat manfaatlariga mos kelishini tan olgan holda, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida o`zaro qo`llab-quvvatlash va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar BMT Nizomi maqsad va prinsiplari hamda xalqaro huquqning umum e`tirof etilgan normalariga rioya qilish asosida jahonda barqaror rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, global va mintaqaviy masalalarni hal qilishda ushbu tashkilot va uning institutlari rolini oshirish muhimligini tasdiqladilar.
O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston yadro qurolini uning barcha ko`rinishlarida tarqatmaslik rejimini ta`minlash bo`yicha BMTning xalqaro sa`y-harakatlariga ko`maklashish maqsadida, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona to`g`risidagi Shartnoma doirasida hamkorlikni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Davlat rahbarlari Orol dengiz havzasi ekotizimini qayta tiklash, Orolbo`yida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqada yuqori darajada atrof muhit muhofazasini ta`minlash masalalarini muhokama qildilar hamda Turkmanistonning Orolni qutqarish Xalqaro Fondiga raisligi doirasida mazkur yo`nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar Orolni qutqarish Xalqaro Fondiga Orol halokati ta`siri ostida qolgan hududlarni ekologik sog`lomlashtirishga, shuningdek mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan ekologik va ilmiy-texnikaviy loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish bo`yicha mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi harakatlari uchun universal platforma sifatida qaraydilar.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv resurslari mintaqa xalqlarining umumiy boyligi ekanligi hamda o`n millionlab insonlar taqdiri, butun mintaqa barqarorligi va farovonligi mazkur resurslardan adolatli va oqilona foydalanishga bog`liq ekanligini qayd etdilar.
O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarida yangi gidrotexnik inshootlar barpo etishni boshqa manfaatdor davlatlar manfaatlariga ziyon etkazmaydigan konstruktiv yondashuv va murosa asosida, shuningdek transchegaraviy ta`sirga ega bo`lgan barcha loyihalarni xolis xalqaro ekspertizadan o`tkazish va quyi oqimda joylashgan mamlakatlar bilan kelishishni nazarda tutuvchi BMT konvensiyalarida belilangan xalqaro suv huquqining umum e`tirof etilgan normalariga muvofiq amalga oshirish lozimligi to`g`risidagi fikrni qo`llab-quvvatlaydilar.
Xalqaro terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migrasiya, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarning noqonuniy muomalada bo`lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka boshqa xuruj va tahdidlar bilan kurashishdagi hamkorlikni ham ikki tomonlama darajada, ham xalqaro tuzilmalar doirasida yanada rivojlantirish zaruriyati qayd etildi.
Davlat rahbarlari afg`on xalqi tanlagan o`z mamlakatini siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo`lini hurmat qilgan holda, Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish, uning tinch va rivojlanayotgan mamlakatga aylanishiga ko`maklashishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Prezidentlar O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasidagi o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish strategik xususiyat kasb etishini ta`kidladilar.
Shu munosabat bilan, Tomonlar yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlarni tovar aylanmasiga kiritish, jumladan, O`zaro mahsulot etkazib berish to`g`risida 2012-yil 2-oktyabrdagi Bitimni amalga oshirish orqali o`zaro savdo hajmini yanada ko`paytirish va uning nomenklaturasini kengaytirishning muhimligini tasdiqladilar.
Prezidentlar Turkmanistonga zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikalarini keng nomenklaturada etkazib berish sohasida davom etayotgan muvaffaqiyatli hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Shu o`rinda, Tomonlar Turkmaniston hududida mazkur texnikalarga xizmat ko`rsatish va ularni ehtiyot qismlar bilan ta`minlash bo`yicha ixtisoslashgan servis markazlarini yaratish borasidagi kelishuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tomonlar tashrif davomida imzolangan 2018-2020-yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik to`g`risidagi Shartnoma doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki davlat mintaqalari va xo`jalik yurituvchi subektlari o`rtasida o`zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlaydilar hamda ularning O`zbekiston Respublikasi va Turkmanistonda o`tkaziladigan ko`rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etishlariga ko`maklashadilar.
Davlat rahbarlari 2017-yil yanvarda Ashxobod shahrida bo`lib o`tgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo Qo`shma komissiyasi o`n uchinchi majlisi yakunlarini ijobiy baholadilar. Yuqori darajadagi kelishuvlarni o`z vaqtida va so`zsiz amalga oshirishni ta`minlashda, shuningdek o`zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikasiyaviy sohalarda yanada rivojlantirish bo`yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda Komissiyaning samarali mexanizm sifatidagi rolini yanada kuchaytirish zaruriyati ta`kidlandi.
Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning ulkan istiqbollari e`tirof etildi. Tomonlar turizm sohasida “Yo`l xaritasi” qabul qilinishi o`zaro turistlar oqimining o`sishi, shuningdek ikkala mamlakat etakchi turistik operatorlari o`rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarining o`rnatilishiga xizmat qilishini tasdiqladilar.
Prezidentlar tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta`minlovchi transport va tranzit yo`laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor ahamiyatini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat tranzit salohiyatini yuksaltirishga imkon beradigan hamda Turmaniston orqali Transkavkaz transport yo`lagi bilan Janubiy va Markaziy Evropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tranzit yuk tashish hajmlarini bir necha marotaba ko`paytirishga qulay shart-sharoitlar yaratadigan “Turkmanobod-Farob” avtomobil va temir yo`l ko`priklarining ochilishini yuqori baholadilar.
Barcha ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga bir xilda mos keluvchi “O`zbekiston – Turkmaniston – Eron – O`mon” xalqaro transport yo`lagini rivojlantirish bo`yicha kelishuvlarni amalda tatbiq etish muhimligi alohida e`tirof etildi.
Tomonlar mazkur transport va tranzit yo`lagini yaratish to`g`risidagi Bitimni amalga oshirish bo`yicha Ishchi qo`mitaning 2017-yil 1-2-martda Toshkent shahrida bo`lib o`tgan birinchi majlisining ahamiyatini ta`kidladilar.
Yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ikki davlat hududida tashqi savdo yuklarini tranzit tashishga 2017-yilda o`zaro preferensiyalarning taqdim etilishi transport kommunikasiyalari va infratuzilmalarini samarali ish yuklamasi bilan ta`minlash, shuningdek tashishlarni yanada oshirib borish va qo`shimcha yuk hajmlarini jalb etishda tashkilotlar uchun aniq va ravshan istiqbollarni belgilashga imkon yaratishi ta`kidlandi.
Ikki mamlakat hududi orqali o`tadigan xalqaro transport yo`laklarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida, Tomonlar tashqi savdo yuklarini tranzit tashish tariflarini yanada maqbullashtirish va preferensial shart-sharoitlar taqdim qilishga yo`naltirilgan tizimli o`zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
O`zbekiston va Turkmaniston ikki davlat xalqlari o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, qardoshlik va hamkorlikni saqlash va mustahkamlashda o`zlarining tarixiy ma`suliyatini anglagan holda, madaniyat, ilm-fan, san`at, sport va boshqa sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar. Bu borada O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o`rtasida madaniy-gumanitar sohada 2014-2016-yillarga mo`ljallangan hamkorlik Dasturini amalga oshirish natijalari ijobiy baholandi hamda 2017-2019-yillarga mo`ljallangan tegishli dasturni imzolash topshirildi.
Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qiluvchi o`zbek va turkman diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an`analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratib beradilar, o`z davlati hududidagi boshqa Tomon fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta`minlash bo`yicha barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
Davlat rahbarlari bo`lib o`tgan samarali muzokaralar, shuningdek tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasida tenglik va o`zaro manfaatdorlikka asoslangan an`anaviy do`stona va ahil qo`shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildiradilar.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovga va barcha turkman xalqiga o`zbek delegasiyasiga ko`rsatilgan mehmondo`stlik va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidentiga o`zi uchun qulay bo`lgan vaqtda O`zbekiston Respublikasida Davlat tashrifi bilan bo`lishni taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov






