O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan saylovoldi uchrashuvda barcha pensionerlarga Toshkent metropoliteni xizmatlaridan har kuni ertalab soat 10:00 dan soat 16:00 gacha bepul foydalanish huquqi berilishi to`g`risida ta`kidlangan edi. 2017 yilning 23 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi 31-sonli qaror qabul qilindi va unga ko`ra, “O`zbekiston temir yo`llari” AJga qarashli “Toshkent metropoliteni” UK, Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligiga pensionerlarni qo`llab-quvvatlash yuzasidan qo`shimcha imtiyoz yaratish topshirig`i berilgan edi.
Keksalarni e`zozlash, ularga g`amxo`rlik va e`tiborni yanada kuchaytirish, keksa yoshdagi insonlarning mazmunli hayot kechirishlari va xordiq chiqarishlarini tashkil qilish tizimini sifat jihatidan yangi pog`onaga ko`tarish, shahar yo`lovchi transporti xizmatidan foydalanishda qo`shimcha qulayliklarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 9 mart kuni qabul qilingan 128-sonli va Toshkent shahar hokimining shu kundagi 250-sonli “Toshkent metropolitenida pensionerlarga bepul xizmat ko`rsatish to`g`risida”gi qarorlariga ko`ra joriy yilning 15 martidan boshlab soat 10:00 dan 16:00 ga qadar barcha pensionerlarga Toshkent metropoliteni xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, metropoliten operatoriga pensiya guvohnomasi ko`rsatilgandan keyin bir martalik maxsus jeton taqdim etiladi va alohida ajratilgan turniketdan o`tib ketish mumkin bo`ladi.






