Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev buyuk allomalarimizdan biri Bahouddin Naqshband me`moriy majmuini ziyorat qildi, deya xabar berdi O`zA.
Eski tuzum davrida bu muqaddas maskan xarob bo`lib qolgan edi. Istiqlol yillarida milliy, madaniy va ma`naviy qadriyatlarimizni, tarixiy obidalarimizni tiklash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1993 yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi munosabati bilan mazkur ziyoratgoh ta`mirlandi. Majmuadagi daxmalar, maqbaralar, masjidlar, ayvonlar va madrasaning haqiqiy qiyofasi tiklanib, qutlug` qadamjoga aylantirildi.
Taomilga binoan Bahouddin Naqshbandning ruhi poki haqiga Qur`on tilovat qilindi.
Prezidentimiz mazkur yodgorlik majmuasini yanada obod maskanga aylantirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.
Buxoroning jahon sivilizasiyasi va islom madaniyati rivojiga qo`shgan hissasi beqiyos. Bu zaminda ko`plab allomalar tavallud topgan va yashagan. Ularning boy madaniy merosini chuqur o`rganish va keng targ`ib qilish uchun bu erda Toshkent islom universitetining maxsus fakultetini tashkil qilish kerak, dedi davlatimiz rahbari.






