AsosiyJamiyat

​Toshkent shahar IIBB “Ozodlik” tarqatgan xabarga raddiya berdi

'​Toshkent shahar IIBB “Ozodlik” tarqatgan xabarga raddiya berdi'ning rasmi

9 mart kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida Prezident Shavkat Mirziyoevning taklifiga ko`ra o`tkazilayotgan navbatdagi “payshanbalik” o`tkazildi.

Haftaning aynan shu kuni davlatimiz rahbari tomonidan jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni deb e`lon qilinganligi barchaga ma`lum.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Doniyor Toshxo`jaev hafta davomida Ichki ishlar va prokuratura organlari tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan hisobot berar ekan ayrim chet el OAVlari, xususan “Ozodlik” nashrining chiqargan xabariga raddiya berdi.

“Ozodlik”ning xabarida 3 mart kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani Qatortol ko`chasida joylashgan “Jizzax siti” kafesiga millisiya itlar bilan bostirib kirgani hamda barcha kafe mijozlari va xodimlarini avtobusga solib, ichki ishlar bo`limiga olib ketgani haqida yozib qoldirildi. Shuningdek xabarda go`yoki sobiq ichki ishlar zobiti tomonidan “Toshkent shahrida ishlaydigan milisiya xodimlariga solingan jarima plani borligi, har bir xodim 4 million so`mlik jarima manbai topib kelishi kerakligi haqida bergan ma`lumotlari yozilgan. Va ushbu tadbir mazkur reja doirasida, Chilonzor tumani IIB byudjet oldidagi qarzdorligini yopish uchun uyushtirilgan” deya bergan ma`lumotlari yozilgan.

Doniyor Toshxo`jaev jurnalistlar bilan uchrashuvda mazkur xabar hech qaysi aqlga sig`masligi va fursatdan foydalanib ushbu xabarga raddiya berishini ma`lum qilgan.

Vaholanki, IIBga “Jizzax siti” kafesiga tungi vaqtlarda qo`shmachi fohishalar va boshqa jinoiy elementlar borligi haqida tezkor ma`lumotlar kelib tushgan. Shu sababli 3 mart kuni tungi soat 23:30da IIB xodimlar tomonidan tezkor tadbir o`tkazilib, 25 nafar foxishalik bilan shug`ullanuvchi qizlar, Toshkentda vaqtinchalik ro`yxatdan o`tmasdan yashayotgan fuqarolar, kafe rahbariyati tomonidan vaqtinchalik yashashga ruxsati bo`lmagan xodimlarning ishga qabul qilinganligi aniqlangan.

Aslida faoliyati tungi soat 23:00 gacha davom etishi kerak bo`lgan kafe, ushbu vaqtda o`tgan bo`lishiga qaramay kafeda 30 dan ko`p muqaddam sudlangan va kontingentga to`g`ri kelmaydigan shaxslar borligi ma`lum bo`lgan.

“Kafedagi noqonuniy faoliyat haqida bizlarga ma`lumot kelib tushgan. Qo`rqmasdan ayta olamiz, qaysi OAVda yozilishidan qat`i nazar, u xoh “Ozodlik” bo`lsin, xoh boshqasi, agar qachondir yana shunga o`xshash ma`lumotlar oladigan bo`lsak, tomoshabin bo`lib turmaymiz. Aholimiz tinchligini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish uchun qonun doirasida o`z harakatlarimizni amalga oshiramiz. Tadbirkor tadbirkorligi bilan shug`ullanishi mumkin, ammo qonunbuzarlik qilishga hech kim unga huquq bermaydi. Kim bo`lmasin, u qonun doirasida ish tutishi shart. Kim yozishidan qat`i nazar mazkur kafe rahbari ham qonun oldida tegishli javob beradi.”, – deydi Toshkent shahar IIBB boshlig`i o`rinbosari Doniyor Toshxo`jaev.

Raddiyadan so`ng, jurnalistlarga mazkur kafeda suratga olingan videolavhalar namoyish etildi. Tasvirlarda ayollar, spirtli ichimliklar iste`mol qilib, sigaret chekib o`tirgan erkaklar, shovqin ko`tarayotgan ulfatlar, hatto, voyaga etmagan bolalarning xatti-harakatlari aks etgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar