Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Buxoro temir yo`l vokzalida yo`lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni borib ko`rdi.
Uzoq istiqbolga mo`ljallangan maxsus dasturlar, loyihalar asosida ushbu sohada keng ko`lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o`tgan yillarda yangi temir yo`l liniyalari barpo etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi va elektrlashtirildi. Yangi yo`nalishlar tashkil etilib, yangi vokzallar qurildi, mavjud temir yo`l vokzallari ta`mirlandi, deb yozadi O`zA.
Mazkur vokzal Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 6 martdagi 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikasiyalari va yo`l-transport infratuzilmasini modernizasiya qilish va rivojlantirish dasturi to`g`risidagi qaroriga asosan yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Vokzal ichida VIP va turli xizmatlar ko`rsatish zallari, tibbiyot, ona va bola, dam olish xonalari, kutubxona, bufet, savdo shoxobchalari mavjud. Bino tashqarisida 4 yangi chiptaxona va favvora qurildi.
Maydoni 2,9 gektar bo`lgan vokzal bir vaqtning o`zida 500 dan ziyod yo`lovchiga xizmat ko`rsatadi. Bir kecha-kunduzda 2 mingdan ortiq yo`lovchini kutib olib, jo`natish imkoniyatiga ega.
Davlatimiz rahbari shu erda Buxoro – Miskin temir yo`l qurilishining borishi bilan tanishdi. Ushbu temir yo`l 350 kilometrdan ziyod. Loyihaning umumiy qiymati 283 million dollarni tashkil etadi.
Buxoro – Miskin yo`nalishi bo`yicha quriladigan temir yo`lda 8 temir yo`l stansiyasi va raz`ezdlar barpo etish belgilangan.
2015 yil 6 noyabrda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati va Ispaniyaning “PATENTES TALGO, S.L.U” kompaniyasi o`rtasida yana 2 yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezd xarid qilish bo`yicha shartnoma imzolangan edi. Shartnomaga muvofiq, ushbu zamonaviy elektropoezdlarning bittasi mamlakatimizga olib kelindi.
Prezidentimiz mazkur yangi “Afrosiyob” elektropoezdining imkoniyatlari, yo`lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Yangi zamonaviy elektropoezd oldingilariga qaraganda keng imkoniyatga ega. Xususan, shu vaqtga qadar harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi elektropoezdlar 215 yo`lovchi sig`imiga ega bo`lib, 2 Vip, 2 "biznes" va 4 "ekonom" toifali vagonlardan iborat. Yangi poezd 287 yo`lovchi sig`imiga ega. Unda "ekonom" toifali vagonlar soni 2 ta ko`p.
Tez kunlarda zamonaviy elektropoezdning ikkinchisi ham olib kelinadi. Poezdlar harakatini yo`lga qo`yish barobarida qo`shimcha ish o`rinlari yaratilib, 15 mashinist va 50 ga yaqin vagon kuzatuvchisini ish bilan ta`minlash ko`zda tutilgan.
“O`ztemiryo`lmashta`mir” sho``ba korxonasi hududida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezdlarga xizmat ko`rsatish sexi qurilmoqda. Bu ham yangi ish o`rinlarini ko`paytirish imkonini beradi.