O`zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga Fransiya Prezidenti Fransua Olland tabrik yo`lladi. Unda shunday deyiladi: «Aloqalar o`rnatilganining birinchi kunlaridanoq hamkorlikning barcha sohalarida – ham siyosiy, ham iqtisodiy va madaniy jabhalarda mustahkamlanganligini qayd etish bugun meni quvontiradi».
Fransua Olland o`tgan davr mobaynida Fransiya va O`zbekiston do`stona munosabatlar o`rnatishga erishganligini ta`kidladi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.
Fransiya Prezidenti «ishonch va o`zaro hurmatga asoslangan mamlakatlarimiz o`rtasida o`rnatilgan sherikchilikning yuqori darajasi keyingi o`n yilliklar davomida doimo rivojlanishi»ga umid bildirdi.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Prezident Fransua Olland nomiga yo`llagan maktubida qayd etganidek «Fransiya Respublikasining 1992 yil yanvar oyida O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan tan olgani, shuningdek, uning mustaqil rivojlanishi va suverenitetini qat`iy qo`llab-quvvatlaganini biz alohida qadrlaymiz».
Davlatimiz rahbari «Fransiya bilan ikki va ko`p tomonlama kun tartibning barcha masalalari bo`yicha, avvalo siyosiy-diplomatik va madaniy-gumanitar sohalarda samarali va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, savdo, investisiya va yuqori texnologiyalar, turizm, korxonalarimizda ilg`or korporativ boshqaruv metodlarini kiritish jabhalarida aniq dasturlar va loyihalarni ilgari surishga O`zbekiston sodiq» ekanligini tasdiqladi.
O`zbekiston Prezidenti «O`zbekiston-Fransiya munosabatlarini chuqurlashtirish va uning o`zaro hurmat, tenglik va ishonch tamoyillariga asoslangan poydevorini mustahkamlashga qaratilgan qo`shma faoliyatni bundan keyin ham davom ettirish»ga ishonch bildirdi.