Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Buxoro shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihalari bilan tanishdi.
Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Buxoroning markaziy ko`chalaridan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko`cha qiyofasini o`zgartirish, uning ikki tomonida zamonaviy binolar barpo etish bo`yicha 3 yilga mo`ljallangan loyiha ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbari ushbu ko`cha Islom Karimov nomiga munosib bo`lishi, qurilish ishlarini salohiyatli pudratchi tashkilotlar bajarishi zarurligini ta`kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimov va Ibn Sino ko`chalari kesishgan joyda bunyod etiladigan Universal sport majmuasi loyihasini ko`zdan kechirdi.
2018 yilda foydalanishga topshiriladigan ushbu majmuada 15 sport turi bo`yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o`tkazish imkoniyati yaratiladi. Undan uchta mashg`ulotlar zali, basseyn, tennis korti, 3 ming 500 tomoshabinga mo`ljallangan zal o`rin oladi. Majmua sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport metodikasi bo`yicha namunaviy markaz bo`ladi.
Majmuada yozgi va qishki sport maydonlari qurish lozimligi ta`kidlandi. Viloyatdagi sport inshootlarini inventarizasiya qilish, ularni muayyan sport turiga ixtisoslashtirish, ommaviyligini oshirish bo`yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Buxoro shahrining G`ijduvon, Bahovuddin Naqshband, Ibn Sino, Navoiy ko`chalarida 57 ta ko`p qavatli uy quriladi. 2017-2021 yillarda barpo etiladigan 5, 6, 7 qavatdan iborat bu turar-joylar aholini arzon va zamonaviy uylar bilan ta`minlash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Buxoro shahrining tarixiy qismida an`anaviy hunarmandlik ustaxonalarini jamlagan ikki qavatli uylardan iborat hunarmandlar mavzesini qurish loyihasi bilan tanishdi.
Buxoroda tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko`p. Ular zamon talablari asosida ta`mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Prezidentimiz Buxoro tarixini, qadimiy bozorlarini tiklash, hunarmandlar mavzesiga sayyohlarni keng jalb qilish, bu erda kechki sayr imkoniyatini yaratish, milliy hunarmandlik an`analari va ko`ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.