AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidenti va Germaniya kansleri bir-birini qutladi

'O`zbekiston Prezidenti va Germaniya kansleri bir-birini qutladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkel O`zbekiston Respublikasi va GFR o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan tabrik yo`lladi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

“Mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 25 yil to`ldi. O`tgan vaqt davomida o`zaro hamkorligimiz turli sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Germaniya bilan O`zbekiston iqtisodiyot, xavfsizlik va madaniyat sohalarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda.

Germaniya Federal hukumati O`zbekiston Respublikasini parlament vakolatlarini kengaytirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va huquqiy tizimni isloh qilishga qaratilgan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda hamkor sifatida qo`llab-quvvatlaydi. Shuningdek, mintaqa davlatlari bilan tashqi siyosatning ustuvor yo`nalishlari sifatida Siz belgilab bergan do`stona va yaqin qo`shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirishni Germaniya qo`llab-quvvatlashini ta`kidlamoqchiman.

Davlatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan O`zbekiston va uning xalqiga tinchlik, erkin va farovon hayot, mamlakatlarimizning o`zaro hamkorligi yanada kengayishini tilayman”,— deyiladi GFR kanslerining qutlovida.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qutlovida bunday deyiladi: «Mamlakatlarimiz o`rtasidagi mustahkam asosga ega bo`lgan, izchillik va o`zaro ishonch ruhidagi yaqin hamkorlik eng yuksak e`tirofga loyiqdir. Biz O`zbekiston mustaqillikka erishgandan boshlab mustaqil taraqqiyotimiz va suverenitetimizni Germaniya qat`iy qo`llab-quvvatlab, keng ko`lamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etishda amaliy yordam ko`rsatib kelayotganini yuksak qadrlaymiz».

Davlatimiz rahbari quyidagilarni alohida ta`kidlagan: "Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida siyosiy maslahatlashuvlar, Savdo va investisiyalar bo`yicha hukumatlararo ishchi guruh, O`zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi, O`zbekistondagi nemislar masalalari bo`yicha hukumatlararo komissiya kabi institusional mexanizmlar tashkil etilgan va samarali faoliyat ko`rsatmoqda, 140 dan ortiq bitimdan iborat keng qamrovli shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirilgan".

Qutlovda gumanitar aloqalar ham faol rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Bugun O`zbekistonda Gyote instituti, K.Adenauer va F.Ebert nomidagi jamg`armalar, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar vakolatxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti "O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi o`zaro hurmat, teng huquqlilik va tomonlarning manfaatlari inobatga olingan prinsiplarga asoslangan ikki va ko`p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettirish zarur", deb ishonch bildirgan.

Boshqa yangiliklar