Saraton jiddiy kasallik, uning oldini olish uchun esa yiliga bir marotaba bo`lsa-da, gastroenterolog, urolog, ginekolog va terapevt ko`rigidan o`tishni kanda qilmang. Saraton qancha erta aniqlansa, uni davolash imkoniyati shuncha katta bo`ladi. Shuningdek, saratondan muhofazalovchi usullardan foydalanishni ham unutmang.
Zig`ir yog`i va tvorog
Kuniga 1-2 osh qoshiqdan salatlarga qo`shib iste`mol qiling. Yog`ni isitmasdan, qizdirmasdan o`zini iste`mol qilish zarur. Shu bilan birga, zig`ir yog`ini tvorog bilan iste`mol qilish ham saratonga chalinish xavfini kamaytiradi. Buning uchun har kuni 100-150 gr. tvorogga 2 osh qoshiq (sovuq uslubda siqib olingan) zig`ir yog`i aralashtirib, iste`mol qilish lozim.
Oq karrakli damlama
4 osh qoshiq oq karrak (tatarnik) gullarini bir litr qaynagan suvda damlang va past olovda 6 daqiqa qaynatib, so`ng tindirgani qo`ying. Kuniga 4 mahal ovqatlanishdan avval bir yoki yarim stakan iching.
Qon bosimi yuqori bo`lgan bemorlarga oq karrak o`simligidan foydalanish mumkin emas.
Nasliy saratonning oldini olish uchun…
Naslingizda saratonga chalinganlar bo`lsa, albatta taomnomangizga karam va karamgullilar oilasiga kiruvchi o`simliklarni qo`shing. Bular gulkaram, koreyscha karam, binafsharang karam va brokolli. Karamgullilar saratonga qarshi ta`sir etuvchi moddalarga boy va bu foydali xususiyatini yo`qotmasligi uchun karamni xom holatda yoki bug`da pishirib iste`mol qilish zarur. Biroq oshqozon-ichak kasalliklariga chalingan bemorlar bu borada shifokor bilan maslahatlashishlari zarur.
O`pka saratoniga chalinmay desangiz…
Pista o`pka saratonidan asraydi. Kuniga 50 gr. pista eyish organizmni gamma-tokoferol bilan boyitadi. Bu modda E vitaminining bir turi bo`lib, saratonga qarshi muhofaza tizimini mustahkamlaydi.
Pista allergiya qo`zg`atuvchi mahsulot. Shuning uchun allergiyaga chalinganlar ehtiyot bo`lib qabul qilishlari lozim.
Kungaboqar va oshqovoq urug`i
Zig`ir, kunjut, oshqovoq va kungaboqar urug`i po`stlog`i fitoestrogenlarga boy. Bu ayniqsa ayollar uchun foydali bo`lib, ko`krak bezi, tuxumdonlar va bachadon saratoniga chalinishning oldini oladi. Zig`ir, kunjut, kungaboqar, oshqovoq urug`ini aralashtiring va hovonchada kukun holiga keltiring. Bu aralashmadan kuniga 1 qoshiq iste`mol qiling.
Allergiyaga chalingan bemorlar ehtiyotkorlik bilan qabul qilishlari lozim.
Kurkuma
Kurkuma ziravor bo`lib, u zanjabillilar oilasiga kiradi, ko`rinishi za`faronni eslatadi va za`faron o`rnida ham ishlatiladi. Qizilo`ngach va oshqozon saratoniga chalinmaslik uchun yarim choy qoshiq kurkuma 1-2 choy qoshiq aloe sharbati bilan aralashtirib qabul qilinadi.
Kurkuma homiladorlarga va o`t pufak kasalliklari bilan og`rigan bemorlarga mumkin emas.
Uzum danagi yog`i
Prostatit, bachadon, ko`krak bezlari saratonining oldini olish uchun uzum danagidan olingan yog` foydali. Kuniga 3-4 osh qoshiq uzum danagi yog`ini salatlarga aralashtirib iste`mol qilinadi. Bu yog`ni ham issiq haroratga qo`yib bo`lmaydi, aks holda u foydali xususiyatlarini yo`qotadi.
Piyoz va sarimsoq piyoz
Piyoz va sarimsoq piyozni har kunlik taomnomangizga kiriting. Ular tarkibida organizmdagi kanserogen (saraton chaqiruvchi) moddalarni yo`qotadi. Sarimsoq piyozni xomligicha iste`mol qilish foydali: avval po`stlog`ini tozalab, maydalab to`g`rang va 10-15 daqiqaga qoldirib, keyin iste`mol qiling.
Prostatit, siydik qopi kasalliklarida ehtiyot bo`lib iste`mol qilish zarur.






