AsosiySalomatlik

​“Qatiqli parhezning foydasi bormi?”

'​“Qatiqli parhezning foydasi bormi?”'ning rasmi

– Dugonalarimdan biri qatiqli parhezning foydasi haqida so`zlab, sog`liqqa zarari yo`q deyapti. To`g`risini aytsam, ortiqcha vazn bilan kurashishda turli usullarni sinab ko`rganman, ammo hech biri tayinli natija bermaydi. Shunga qatiqli turiga ikkilanayapman. Qolaversa, qatiq ichni surishi mumkin deb eshitgandim?..

Savol «SMS» orqali kelgan

Savolga shifokor-terapevt Nodira HAMROEVA javob beradi:

– Yog`siz qatiq chindan ham hazm faoliyatini tezlashtiradi, shuning hisobiga ortiqcha yog` to`planmasligining oldini olish mumkin. Uyquga yotishdan oldin ichilgan bir stakan qatiq asab tizimini tinchlantirib, orom olishga ko`maklashadi. Qolaversa, qabziyatdan aziyat chekkanlar uchun ham foydasi bor. Umuman olganda, kunora qatiq iste`mol qilish me`da-ichaklar ishini yaxshilab, vaznni kamaytirishda asqotadi. Ammo bu kun bo`yi faqat qatiq ichish kerak degani emas. Negaki qatiq tarkibida nordon muhitni paydo qiluvchi bakteriyalar bor va ular oshqozon kislotasining ortishini keltirib chiqarishi mumkin. Buyrak kasalliklari bilan og`riganlarga esa qatiqni cheklangan miqdorda qabul qilish tavsiya etiladi. Bu vaziyatda qatiq buyraklarga zo`riqish berishi mumkin. Ko`rib turganingizdek, ozish uchun qatiqli parhezga murojaat qilish ma`qul fikr emas. Yaxshisi taomnomadan uglevodlarni kamaytiring-da, asosiy e`tiborni barra ko`katlar, meva va sabzavotlarga qarating. Oz-ozdan tez-tez taomlanishga odatlansangiz vazn ortishi muammo bo`lmaydi.

Boshqa yangiliklar