O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 2017 yilning 4-5 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Rossiyada bo`lishi haqida avval xabar bergandik.
Peterburgdagi favqulodda hodisaga qaramay bugun Prezidentning Rossiyaga davlat tashrifi amalga oshiriladi, bu haqda Darakchi.uz nashrining Hukumatdagi ishonchli manbalari ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, dushanba kuni Peterburg metrosida terakt sodir etilib, unda 14 kishi vafot etdi.
Yuz bergan hodisa munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Prezident Vladimir Putin hamda Rossiya xalqiga hamdardlik bildirdi.
Rossiya Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Vladimir Putin Shavkat Mirziyoev bilan 5 aprel kuni uchrashadi.
“Vladimir Putinning taklifiga binoan 4–5 aprel kunlari O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiyaga davlat tashrifini amalga oshiradi”, deyiladi RF Prezidenti rasmiy saytida.
Oliy darajadagi muzokaralar chog`ida 5 aprel kuni ikkitomonlama munosabatlarning asosiy masalalari hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning o`zaro manfaatli tomonlari muhokama etiladi. Bundan tashqari, bir qator xalqaro va hududiy muammolar bo`yicha fikrlar almashiladi.
Tashrif yakuniga ko`ra, bir qator muhim hujjatlar imzolanadi.