AsosiyDunyo

​Hindiston televideniesida jonli efir boshlovchisi erining o`limi haqidagi xabarni o`qidi

'​Hindiston televideniesida jonli efir boshlovchisi erining o`limi haqidagi xabarni o`qidi'ning rasmi

Hindiston televideniesidagi jonli efirda yangiliklar ko`rsatuvini olib boruvchi teleboshlovchi o`zi bilmagan holda erining o`limi haqidagi xabarni o`qidi, deb ma`lum qildi Tjournal.ru nashri.

IBC24 telekanalida yangiliklar ko`rsatuvini olib boruvchi 28 yoshli teleboshlovchi Suprit Kaur yo`l-transporti hodisasi oqibatida uch kishi halok bo`lgani va ikki kishi yaralangani haqidagi xabarni o`qidi. O`sha paytda halok bo`lganlar orasida eri ham borligidan u bexabar edi.

Keyinroq telekanal muxbiri jonli efirga qo`ng`iroq qilib, YTH Chattisgarx shtatidagi Maxasamund tumanida Renault Duster rusumli avtomashina ishtirokida ro`y berganligini ma`lum qildi. Shunda Kaur aynan shu rusumdagi avtomashinani boshqaradigan turmush o`rtog`i haqida gap ketayotganligini angladi.

Jonli efir vaqti tugagandan keyin Kaur muxbirga qo`ng`iroq qilib, YTHda jabrlanganlarning ism-familiyasini so`radi. Uch nafar halok bo`lgan odamlar orasida uning turmush o`rtog`i Xarsad Kavada ham borligini eshitib, esankirab qoldi. Kaur va Kavada bir yil ilgari turmush qurgan edi.

Hindistonning IBC24 telekanali 2008 yilda tashkil etilgan bo`lib, sutka davomida to`xtamay, Chxattisgarx va Madxya-Pradesh shtatlaridagi yangiliklarni yoritadi, Hindistonda hind va ingliz tillari davlat tili hisoblangani bois, aksariyat ko`rsatuvlar ikki tilda olib boriladi. IBC24 telekanali ko`rsatuvlari esa hindiy va chxattisgarxi tillarida namoyish etiladi.


Boshqa yangiliklar