Jizzax shahridagi “Xalqlar do`stligi” shox ko`chasi endi O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan ataladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi geodeziya va kartografiya milliy markazi qoshidagi ekspert komissiyasi bergan xulosada ma`lum qilindi.
Vazirlar Mahkamasining yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikasiyalar masalalari axborot tahlil departamenti va viloyat hokimligining 2017 yil 25 fevraldagi murojaatlari o`rganib chiqildi va ekspertlar tomonidan mazkur murojaat ijobiy baholandi.
2017 yil 25 yanvar kuni Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi Qarorga muvofiq “Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko`chalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berish” deb belgilab qo`yilgan edi, deya xabar berada Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati.