AsosiyDunyo

​Dunyoning aqlga sig`maydigan va kulgili rekordlari

'​Dunyoning aqlga sig`maydigan va kulgili rekordlari'ning rasmi

Ginnessning rekordlar kitobi dunyoning 100 ta mamlakatida 22 tilda chop etiladi. Quyida sizni mazkur kitobga kiritilgan g`ayrioddiy rekordlar bilan tanishtiramiz, deb xabar beradi “Kp.ua” nashri.

Amerikaning Massachusets shtatida yashovchi 24 yoshli Mustafo Ismoilning bilak mushagining aylanasi 78 santimetrni tashkil etadi. U elkasi, bilaklari tanasiga nomutanosib ravishda rivojlangan multfilm qahramoni Papaydan farqli ravishda ismaloq emas, tovuq go`shti iste`mol qilishni xush ko`radi. Bunday natijaga erishish uchun Ismoil 10 yil davomida kuniga ikki mahal sportzalga qatnagan.

Rekordchilar orasida dunyoning eng keksa gimnastikachisi, Germaniyaning Leypsig shahrida yashovchi, 86 yoshli sobiq jismoniy tarbiya o`qituvchisi Yoxanna Kaas ham bor. Pensioner ayol nemislarning Kotbus shahrida sport gimnastikasi bo`chia o`tkazilgan dunyo Kubogi musobaqalarining tanaffus paytida brusda murakkab gimnastika harakatlarini amalga oshirib, tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo`ldi va ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylandi. Yoxanna Kaas hayotda maqsadi gimnastika bilan shug`ullanish emas, balki ko`ngil yozish uchun gimnastika bilan shug`ullanishini ta`kidlaganiga qaramay, u keksa sportchilar orasida o`tkazilgan musobaqalarda 11 ta medalni qo`lga kiritgan.

Londonlik sumo kurashchisi Sharran Aleksandr dunyoning eng vazni og`ir sportchisi, deb tan olingan, uning og`irli 203,2 kilogrammni tashkil etadi. Aleksandr vaznini yo`qotmaslik, ringda yuqori natijalarga erishish uchun ulkan miqdordagi yuqori kaloriyali taomlarni iste`mol qiladi.

Ginnesning rekordlar Kitobida dunyoning eng ulkan oti ham bor. Amerikaning Viskonson shtatidagi to`qqiz yoshli Ulkan Jeyk laqabli otning balandligi 213 santimetrni tashkil etadi (Otlarning o`rtacha balandligi 160 santimetrni tashkil etadi).

Shimoliy Irlandiyaning Antrim grafligida yashovchi ikki yoshli Archi laqabli buqa mittiligi bilan boshqa buqalardan farq qiladi. Uning tuyoqlaridan yag`rinigacha bo`lgan bo`yi bor-yo`g`i 76 santimetrni tashkil etadi. Archini egalari aslida go`sht uchun sotib olishgan edi, ammo uning bo`yi o`smay qolganini ko`rgach, fikrlaridan qaytishdi. Oilaning erka va sevimli jonivoriga aylangan Archini qassobga topshirmaslikka qaror qilishdi.

Amerikaning Michigan shtatida yashovchi uch yoshli Zevs laqabli nemis dogi dunyoning eng balad iti sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Uning bo`yi 223 santimetrni tashkil etadi.

Germaniyalik 52 yoshli Bettina Dorfman dunyo bo`yicha eng ko`p Barbi qo`g`irchoqlarini yig`gan ayol sifatida rekord o`rnatgan. U o`zining ilk qo`g`irchog`ini 1993 yilda sotib olgan. Hozirda uning kolleksiyasida 15 mingta mallasoch Barbi qo`g`irchoqlari mavjud.

Yaponiyalik dizayner Kadzuxiro Vatanabe dunyoning eng baland soch turmagida yuradi. Uning soch turmagi balandligi 113 santimetrni tashkil etadi.

- Bunday yuqori natijaga erishishim oson kechmagan bo`lsa-da, ammo dunyoda “birinchi raqamli odam”ga aylanganimdan juda ham mamnunman! – deydi u. U rekord natijaga erishish uchun 15 yil davomida sochini o`stirgan. Mazkur turmakni tayyorlash uchun uchta sartarosh, uch ballon soch laki va bir shisha maxsus gel zarur bo`ladi.

- Har kuni bunday turmakda yurish menga qimmatga tushadi. Shuning uchun biror kechaga, tadbirga yoki rekordni namoyish qilishim kerak bo`lgandagina sochimni shu usulda turmaklayman, - deb izoh berdi dizayner. – 20 yoshda ekanligimda ilk marotaba Ginnessning rekordlar kitobi mavjudligi haqida eshitib qoldim. Shundan keyin qay usulda bo`lsa-da, mazkur kitobga kirishni oldimga maqsad qildim.


    Boshqa yangiliklar