​Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Jamiyat 14.04.2017, 22:10
Teglar: Shavkat Mirziyoev
​Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Imom Buxoriy yodgorlik majmuini ziyorat qildi.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 18 oktyabr kuni poytaxtimizda o`tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida islom madaniyati, umumbashariy sivilizasiya rivojiga benazir hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning ko`p qirrali boy merosini o`rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz mazkur markaz qurilishi loyihasi bilan tanishdi, deya xabar beradi O`zA.

Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma`naviy merosini o`rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo`lyozmalarning elektron nusxalarini to`plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga etkazish bilan shug`ullanadi.

Bugungi kunda Imom Buxoriy majmuasi yonidan joy ajratilib, markazni qurish bo`yicha loyiha ishlab chiqildi.

Prezidentimiz mazkur xalqaro markazning mazmun-mohiyatiga alohida e`tibor qaratdi. Bu muassasada islom madaniyati targ`ibotini yo`lga qo`yish bo`yicha kompleks yondashuv ishlab chiqish kerakligini ta`kidladi. Bino xonalarida buyuk allomalarimizning ruhi, ma`naviy kuch-qudrati va salohiyati namoyon bo`lib turishi, buning uchun har bir xonani muayyan alloma nomi bilan atash va shunga yarasha jihozlash zarurligini qayd etdi.

Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo`nim topgan ushbu maskanda o`ziga xos ma`naviy-ruhiy muhit mavjud, dedi davlatimiz rahbari. Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o`ziga katta ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o`rganib ketsin. Shunda ularning kalbida ulug` ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg`usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas`uliyatini his etadi.

Yangi markazda allomalarimizning bebaho merosini o`rganishda o`ziga xos maktab yaratgan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulug` faqihlar Burhoniddin Marg`inoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlarimiz boy merosini alohida-alohida o`rganish va ilmning shu sohalari bo`yicha mukammal bilimga ega bo`lgan etuk mutaxassislar tayyorlashni yo`lga qo`yish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoev olimlar va ulamolar bilan suhbatda ushbu markazda tadqiqotchilarga Qur`oni karim oyatlarini qiroat bilan o`qish, to`g`ri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya bo`yicha mamlakatimiz etakchi olimlari darslarini yo`lga qo`yish, xorijlik tadqiqotchilar uchun stajirovkalar ta`sis etish haqida so`zladi.

Uchrashuvda Buxorodagi Mir Arab madrasasining ham qadimgi mavqeini tiklash zarurligi ko`rsatib o`tildi. Uning binosini ta`mirlash va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasi hududida Islom taraqqiyot markazini tashkil etmoqchimiz. Ushbu maskanda ham Imom Buxoriy xalqaro markazi kabi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma`naviy dunyosini boyitishga, buyuk ajdodlarimiz islom ta`limotiga beqiyos hissa qo`shganini aniq misollar bilan ko`rsatish kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Imom Buxoriy majmuasi atrofida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalarini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ham ma`lumot berildi. Bu ziyoratchilar uchun qo`shimcha qulaylik yaratib, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari Maxdumi A`zam ziyoratgohidan Imom Buxoriy majmuigacha bo`lgan yo`l bo`yida ikki qavatli zamonaviy uylar va ijtimoiy ob`ektlar qurish, hududni obodonlashtirish bo`yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.

Sharhlar

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
"Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va u erda tinch hayotni tiklash muhim". Shavkat Mirziyoev Ostonadagi sammitda nutq so`zladi

13.10.2022, 11:20

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...
Shavkat Mirziyoev Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib berdi (foto)

29.08.2022, 11:46

Avval xabar qilganimizdek, Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Urganch shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga...
Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai Munavvara ziyoratidan boshladi (video)

17.08.2022, 16:42

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai munavvara ziyoratidan boshladi. O`zbekiston rahbari Madina...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1