Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qo`shrabot tumanida ham bo`ldi. Tumandagi “Oqtepa” qishloq fuqarolar yig`inida bo`lib o`tgan uchrashuvda tog`oldi hududlarida 2017-2018 yillarda yong`oqzor va uzumzorlar, 2017-2021 yillarda chorva boqishni tashkil qilish, tumanda ichimlik suvi ta`minotini yaxshilashga oid loyihalar bilan tanishdi, deb yozdi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 martdagi “Dehqon xo`jaliklari va aholining tomorqa erlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantasiyalarini rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Samarqand viloyatining Jomboy, Ishtixon, Kattaqo`rg`on, Pastdarg`om, Payariq, Samarqand, Urgut va Qo`shrabot tumanlarining tog`oldi hududlarida 2017-2018 yillarda 4 ming 211 fermer xo`jaligi tashkil etiladi. Fermer xo`jaliklarida 5,7 ming gektar yong`oqzor va 13 ming gektar tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan.
Birgina 2017 yilda 2,5 ming gektar yong`oqzor, shundan 2,1 ming gektar intensiv, 6,6 ming gektar tokzordan 1,3 ming gektar intensiv tokzorlar barpo etilishi mo`ljallangan.
Bu loyihalarni amalga oshirish uchun 271 milliard so`m va 8,4 million dollar miqdoridagi mablag`lar sarflanishi ko`zda tutilgan. Bu qo`shimcha 15 ming tonna yong`oq va 50 ming tonna uzum mahsulotlari eksport qilish imkoniyatini yaratadi. 2017-2018 yillar davomida 26 mingdan ortiq yangi ish o`rinlari yaratiladi.
Shunday yong`oqzorlardan biri «Oqtepa unumdor zamin» fermer xo`jaligida barpo etiladi. Prezidentimiz nuroniylar bilan birga bu erga yong`oq ko`chati o`tqazdi.
Mamlakatimizning barcha joylarida bo`lgani singari Samarqandda ham hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko`p. Ularni ishga solib, qo`shimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkin. Buning uchun samarali harakat qilish, odamlarda tadbirkorlik faoliyatiga bo`lgan qiziqishni kuchaytirish, tomorqadan unumli foydalanish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Qo`shrabot tumanida 2017-2021 yillarda aholi, fermer va dehqon xo`jaliklarida 10 ming bosh echki va 5 ming bosh qo`y boqishni tashkil qilish loyihasi ham yirik loyihalardan. Qiymati 7,7 milliard so`m bo`lgan mazkur loyihada Rossiyadan 10 ming bosh naslli echki, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridan 5 ming bosh hisori qo`ylarni sotib olish mo`ljallangan.
Birinchi Prezidentimizning 2015 yil 18 dekabrdagi qaroriga muvofiq, xalqaro moliya institutlari – OPEK hamda Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg`armalari tomonidan O`zbekiston ishtirokida 2016-2018 yillarda Qo`shrabot tumani ichimlik suvi ta`minotini yaxshilashga qaratilgan umumiy qiymati 36,4 million dollarlik loyihaning amalga oshirilishi belgilangan.
Loyiha amalga oshirilgach, 77 qishloq fuqarolar yig`inida 49 suv olish inshooti quriladi, 6 tasi rekonstruksiya qilinadi. 408,1 kilometr magistral suv quvurlari va tarmoqlari qurilishi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari loyihaga 110 suv olish qudug`ini burg`ulash va rekonstruksiya qilish, 16,1 kilometr uzunlikdagi suv inshootlarini himoya devorlari bilan o`rash, 164 quduq nasosini o`rnatish, 14 avtomatlashtirilgan nasos stansiyasini qurish, 55 komplekt elektr transformator, 3 quyosh generatori hamda 52 dizel generatorlarini o`rnatish, 24,5 kilometr uzunlikdagi tashqi elektr ta`minoti tizimi bilan ta`minlash kiritilgan.
Davlatimiz rahbari Qo`shrabotda eksportbop mevalar ekish, chorvachilikni rivojlantirish, buning uchun aholiga kredit mablag`lari ajratish zarurligini ta`kidladi.
Tumanda junni qayta ishlash fabrikasi qurish, Samarqand va Oqdaryo tumanlarida 2017 yilda qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy issiqxona majmualari loyihalari taqdimoti ham o`tkazildi.