Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Kattaqo`rg`on tumaniga tashrif buyurib, Kattaqo`rg`on suv ombori havzasida baliqchilikni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga, aholiga arzon va sifatli mahsulotlarni etkazib berishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va boshqa turdagi xo`jaliklar tobora rivojlantirilmoqda.
“Kattaqo`rg`on jayxun” fermer xo`jaligi va “Kattaqo`rg`on baliqchilik” xususiy korxonasi tomonidan karp, oq amur, xitoy koyasi, oq va chipor do`ngpeshona hamda boshqa turdagi baliqlarni, shuningdek, baliq chovoqlarini etishtirishda V`etnam texnologiyasidan foydalanish mo`ljallangan. Ushbu ilg`or texnologiya samaradorlikni besh barobargacha oshirishi bilan ahamiyatlidir. Hududda baliq mahsulotlarini qayta ishlash ham rejalashtirilmoqda.
Loyihani hayotga tatbiq etish uchun 5,1 milliard so`m mablag` sarflanadi va natijada baliqchilik xo`jaliklariga yiliga 2 million dona chavoq, 500 million dona lichinka, ming tonna omixta em etkazib beriladi. 400 tonna baliq qayta ishlanadi, 200 tonna qadoqlangan, 50 tonna dudlangan baliq mahsulotlari aholi iste`moli uchun yo`naltiriladi.
Xo`jalikda 40 yangi ish o`rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Payariq, Samarqand tumanlarida “Maroqand baliq sanoat agro” agrofirmasi va “Oq amur baliqlari” fermer xo`jaligi tomonidan “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni ko`zdan kechirdi. Mazkur loyihaga ko`ra 450 gektar suv maydonida baliq chavoqlarini ko`paytirish va baliq mahsulotlarini qayta ishlash yo`lga qo`yiladi. Ushbu ishlarni istiqbolli tashkil etish uchun 12 milliard so`m mablag` jalb etiladi.
Loyihaning ishga tushurilishi natijasida baliqchilik xo`jaliklariga 10 million dona chavoq, 300 tonna omixta em etkazib beriladi, 500 tonna baliq qayta ishlanadi. 300 tonna qadoqlangan, 50 tonna dudlangan baliq mahsulotlari xalq iste`moli uchun bozorlarga chiqariladi.
Loyihada 50 kishini ish bilan ta`minlash ko`zda tutilgan.
Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, xalqimiz “luqmai halol” deb ta`riflaydigan baliq etishtirishni yanada oshirish, bunda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish, mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo`naltirish bo`yicha zarur ko`rsatma va topshiriqlar berdi.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida suv resurslaridan unumli foydalanish, suv tarmoqlarini modernizasiya qilish loyihalarini ko`zdan kechirdi.
Viloyatda so`nggi yillarda bir necha yirik suv inshootlari qurildi. Urgut tumanida “Kamangaron”, Qo`shrabot tumanida “Oqchobsoy” suv omborlari, Nurobod tumanida “Omondara” suv to`g`onining barpo etilishi xududlarda suv resurslarini boshqarishda samaradorlikni yanada oshirdi, minglab gektar maydonlarda suv tanqisligining oldini oldi.
Kelgusi uch yilda viloyatda 55 nasos stansiyasini to`liq ta`mirlash rejalashtirilgan. Natijada 60 ming 619 gektar maydonda suv ta`minoti yaxishilanadi, har yili 29,9 million kVt soat elektr energiyasi hamda 720 million so`m ekspluatasiya xarajatlari iqtisod qilinib, 6,4 milliard so`m byudjet mablag`lari tejaladi. Loyiha xarajatlari 6-7 yilda to`liq qoplanadi.
Suvni samarali ishlatish mintaqamizdagi dolzarb masalalardan biri, dedi Prezidentimiz. Shu bois ushbu resursdan foydalanishni ilg`or talablar asosida tashkil etish lozim.
Nasos stansiyalari va kanallarni sifatli ta`mirlash, bunda energiya tejovchi, jahon standartlariga javob beruvchi texnologiyalardan foydalanish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari viloyatda 2017 yilda moliyalashtirilishi ko`zda tutilayotgan yirik chorvachilik loyihalari bilan tanishdi.
Viloyatda joriy yilda “Chortut”, “Chorva sut servis” fermer xo`jaliklari, “Naslli chorva import”, “Samarqand milk”, “Aykan savdo”, “Chorva nasl birlashma” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan jami 35 million 810 ming so`mlik loyihalar amalga oshirilishi mo`ljallanmoqda. Natijada ushbu korxonalarda yiliga 14 ming 250 tonna sut, 875 tonna go`sht mahsulotlari ishlab chiqariladi, 230 ish o`rni yaratiladi.
Prezidentimiz viloyatda parrandachilikni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ichki iste`mol bozorini arzon va sifatli parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Urgut tumanida “Cho`ponota parranda” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida parrandalar ozuqasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi hudududa faoliyat olib boradigan mazkur korxona 3 million AQSh dollari qiymatiga ega. U 2018 yilning birinchi choragida ishga tushiriladi. Natijada viloyatdagi parrandachilik xo`jaliklari va aholi xonadonlarida boqilayotgan parrandalar uchun yiliga 8-10 ming tonna ozuqa mahsulotlari etkazib beriladi.
Loyihada 30 ish o`rni yaratish ko`zda tutilgan.
“Afrosiyob parranda” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan parrandachilik, baliqchilik va chorvachilik xo`jaliklari uchun omixta em ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilmoqda.
Loyihaga muvofiq, korxonaga soatiga o`n tonna komponentlari elektron aniqlik bilan dozalashtirilgan yuqori sifatli omixta em ishlab chiqarish quvvatiga ega Gollandiya texnologiyasini o`rnatish rejalashtirilmoqda. Tayyor mahsulotlar mamlakatimizdagi xususiy tadbirkorlar va aholi ehtiyojlari uchun, shuningdek, eksportga yo`naltiriladi.
“Zarafshon parranda” xususiy ishlab chiqarish tijorat firmasi loyihasi ko`ra, Jomboy tumanidagi "Sarichashma" mahalla fuqarolar yig`ini Mang`it qishlog`ida 39 gektar hududda jo`ja va tuxum etishtirish kompleksi tashkil etiladi. Bunga 12 milliard so`m mablag` jalb etish mo`ljallangan.
Loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 5 million dona jo`ja aholi xonadonlari va parrandachilik korxonalariga etkazib beriladi. 16 ming dona tuxum aholiga sotiladi.
“Siyob Shavkat Orzu” fermer xo`jaligi tomonidan Tayloq tumani Payshanbasiyob qishlog`idagi o`n gektar hududda parranda boqish va parranda go`shti etishtirish rejalashtirilgan.
Loyihaga 3 million 518 ming AQSh dollari sarflanadi.
Korxonada yiliga 800 ming dona parranda boqish va 12 ming tonna parranda go`shti etishtirish yo`lga qo`yiladi. Etishtirilgan mahsulot ichki bozorga chiqariladi, muayyan qismi eksport qilinadi. Ushbu loyiha 60 yangi ish o`rni yaratish imkonini beradi.
Samarqand viloyatida keyingi yillarda kurkachilik ham izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo`nalishda hayotga tatbiq etilayotgan kompleks chora-tadbirlar kurkalarni ilg`or texnologiyalar asosida ko`paytirish, boqish, tuxumlarni sifatli saqlash imkonini bermoqda.
“Maroqand parranda” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga muvofiq yiliga 3 million dona tuxum va 2 million dona kurka jo`jasi etishtiriladi. Loyihaga 39,6 milliard so`m ajratilishi mo`ljallangan.
Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, viloyatda parrandachilikni rivojlantirish uchun tabiiy iqlim, xomashyo va ishchi kuchi mavjudligini ta`kidladi. Ulardan unumli foydalanish, tarmoq tadbirkorlarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.