AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev: oilaning maishiy texnika bilan ta`minlangani uning turmush darajasining ko`zgusidir

'​Shavkat Mirziyoev: oilaning maishiy texnika bilan ta`minlangani uning turmush darajasining ko`zgusidir'ning rasmi

Prezidentimizga Samarqand shahrining Dahbed ko`chasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon ko`chasini obodonlashtirish loyihasi haqida ma`lumot berildi.

Nurafshon ko`chasida olib boriladigan bunyodkorlik ishlari natijasida atrofdagi eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan inshootlar shaharsozlik talablari asosida ta`mirlanib, ijtimoiy ob`ektlar quriladi, deb yozadi O`zA.

Davlatimiz rahbari shahardagi Jomiy ko`chasidagi Yoshlar markazini rekonstruksiya qilish, hayvonot bog`i qurish loyihalarini ko`zdan kechirar ekan, bu boradagi ishlarni aholining fikri va talablari asosida amalga oshirish, milliy me`morlik va zamonaviy arxitektura an`analarini hisobga olish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2018 yillarda sanoat sohasida 125 investision loyiha amalga oshiriladi.

Oziq-ovqat va engil sanoat, charm-poyabzal, farmasevtika, mebel va qog`ozni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-kimyo va boshqa sohalarda ko`zda tutilayotgan loyihalar viloyatni izchil rivojlantirishga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi 6 ming 300 dan ortiq kishining ishli bo`lishiga xizmat qiladi.

Viloyatda “O`zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 163 loyiha amalga oshirilmoqda.

Nurobod tumanida “Navoiy metalmash” va Xitoyning “Gezhouba Group sement Co.LTD” korxonalari hamkorligida sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yiliga 2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxonada 530 yangi ish o`rni yaratiladi.

Pastdarg`om tumanida quriladigan “Samarqand Afrosiyob sement” korxonasi ishga tushgach, 300 kishi ish bilan ta`minlanadi. Korxonani 2018 yilda ishga tushirish mo`ljallangan.

Shavkat Mirziyoev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida maishiy texnikalar ishlab chiqarish bo`yicha loyihalarni ko`zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G`ijduvon”, “Qo`qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida”gi farmoniga muvofiq hududda qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

“O`zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Ideal Elektro Lyuks” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning “Odul” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz plitalar, elektr duxovka, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadi. Tovarlarning ma`lum qismi eksport qilinadi.

“Coven Elektro” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy changyutgichlar ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming dona mahsulot tayyorlanadi.

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, aholining maishiy texnikalar bilan ta`minlangani uning turmush darajasining asosiy ko`rsatkichlaridan biri ekanini ta`kidladi. Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendini yanada kengroq ommalashtirish bo`yicha zarur ko`rsatmalar berdi.

Milliy bank tomonidan farmasevtika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o`tkazildi. “Optima Sobirjon”, “Perfect Pharma Group” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari va “Samarkand England eko medical” qo`shma korxonasida 200 dan ortiq ish o`rni yaratish mo`ljallangan.

Shu erda viloyatda sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga maishiy xizmat ko`rsatish, sportni yanada ommalashtirish borasidagi loyihalar taqdimoti ham o`tkazildi.

Boshqa yangiliklar