AQShning Londondagi elchixonasi xodimlari uch oylik chaqaloqni so`roqqa chaqirishdi. Bu hodisa kichkintoyning bobosi anketa to`ldirayotgan paytda terrorchilikka oid bo`limda tasdiq javobini berganidan so`ng yuz berdi, deb xabar beradi “Lenta.ru”.
Xarvi Kenon-Keyrnsning bobosi blank to`ldirayotgan paytda “Siz terrorizm, ayg`oqchilik va qotillikka daxldormisiz?” degan savolga tasodifan “Ha” deb javob bergan.
Oqibatda esa 3 oylik bolakay so`roqqa chaqirildi. “Men ular uch oylik bolakay jamoatchilik uchun qanday xavf solishi mumkinligini tushunmaganligiga xayronman”,—deydi Pol Kenon.
Boboning so`zlariga ko`ra, u nabirasini so`roqqa qamoqxona kiyimi rangida ya`ni olovrang kiyimda olib bormoqchi bo`lgan, biroq u bunday qilmagan.
“Elchixona xodimlarida yumor hissi umuman yo`qqa o`xshaydi. Ular bu vaziyatdagi kulguli holatni ko`ra olmadi”,—deydi Kenon.
Uning fikricha, kichkintoy suhbat jarayonida o`zini yaxshi tutgan, hatto bir marta ham yig`lamagan.