AsosiyJamiyat

​Tojikistonda O`zbekiston milliy ko`rgazmasi boshlandi

'​Tojikistonda O`zbekiston milliy ko`rgazmasi boshlandi'ning rasmi

17 aprel kuni Tojikiston poytaxtida O`zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko`rgazmasi ochildi.

Bu haqda 2016 yil 27-28 dekabr kunlari Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning to`rtinchi majlisi yakunlari bo`yicha kelishuvga erishilgan edi, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy va eksport salohiyati, investisiya siyosati bilan Tojikiston Respublikasi ishbilarmon doira vakillarini tanishtirish, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi va turizm sohasi rivoji to`g`risida xabardor qilish maqsadida ushbu ko`rgazmaga puxta hozirlik ko`rildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 apreldagi farmoyishiga muvofiq ko`rgazmani tashkil etish uchun mahsulotlar, ekspozisiya materiallari va zarur jihozlar etkazib berildi.

Ko`rgazmada 160 dan ziyod kompaniya mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan 1 ming 500 turdagi mahsulotni namoyish etmoqda.

Dushanbe shahridagi "Poytaxt – 90" savdo markazi hududidagi 2 ming kvadrat metr maydonda elektrotexnika, kabel, farmasevtika, santexnika, to`qimachilik, charm mahsulotlari, o`quv-laboratoriya uskunalari, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, chinni buyum va idishlar, parfyumeriya va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.

1000 kvadrat metr ochiq maydonda qishloq xo`jaligi texnikasi va turli osma uskunalar, engil va yuk avtomobillari, yo`lovchi avtobuslari taqdim etilgan.

Tadbir doirasida tashkil qilinadigan biznes-forum va seminarlarda O`zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining 500 dan ortiq vakili qatnashib, o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama etadi. Bu ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va tashqi savdo hajmini oshirishda muhim ahamiyatga egadir.

Ko`rgazma-yarmarka ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mahsulotlar turlarini ko`paytirish va o`zaro serqirra hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar