AsosiyJamiyat

​Milliy bog` hududida Adiblar xiyoboni barpo etiladi

'​Milliy bog` hududida Adiblar xiyoboni barpo etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to`g`risida Qaror imzoladi. Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

Milliy bog`ni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma`rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan, nafaqat yurtimiz, balki jahonning turli mamlakatlaridan mehmonlar va sayyohlar tashrif buyuradigan har tomonlama go`zal va betakror maskanga aylantirish, ma`naviy hayotimizda o`chmas iz qoldirgan atoqli so`z san`atkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida O`zbekiston Milliy bog`i hududida Adiblar xiyobonini barpo etiladi.

Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, “Nuroniy” jamg`armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillari taklif bergan.

Qarorga ko`ra, O`zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda O`zbekiston Milliy bog`i hududida bog`ning umumiy ko`rinishi va Alisher Navoiy haykali bilan uyg`un ravishda Adiblar xiyobonining yaxlit me`moriy ansambl shaklidagi loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Adiblar xiyobonining me`moriy loyihasini ishlab chiqishda ushbu manzilda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy yangi bino qurish nazarda tutiladi.

Mazkur hududda joylashgan O`zbekiston madaniyati va san`ati ko`rgazmasi binosi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga o`tkazilib, bu erda doimiy ravishda kitoblar ko`rgazmalari va taqdimotlari, turli adabiy-ma`rifiy tadbirlar o`tkaziladigan adabiy markaz tashkil etiladi.

O`zbekiston Badiiy akademiyasi tegishli tashkilot va idoralar bilan birgalikda milliy adabiyotimizning ulkan namoyandalari:

O`zbekiston Qahramoni, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov, O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov, O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bag`ishlangan yodgorlik majmualarini barpo etish bo`yicha bir oy muddatda ijodiy tanlov o`tkaziladi.

Qarorga ko`ra, Toshkent shahar hokimligining poytaxtimizdagi Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan Hamid Olimjon haykali, G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida o`rnatilgan O`zbekiston xalq shoiri G`afur G`ulom haykali, O`zbekiston davlat san`at muzeyi yonidagi xiyobonda o`rnatilgan O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya haykali Adiblar xiyoboniga ko`chiriladi.

Boshqa yangiliklar