Tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi taniqli olima, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Anna Ivanovna Glushenkova 91 yoshida vafot etdi.
A.Glushenkova 1926 yil 1 avgustda Rossiya Federasiyasining Volgograd viloyatidagi Rudna tumanida tug`ildi. 1948 yili O`rta Osiyo industrial institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.
Iste`dodli olima qariyb 70 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining O`simlik moddalari kimyosi instituti katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasi prezidiumi a`zosi kabi mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va mamlakatimizda tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi.
Zahmatkash olimaning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz xalq xo`jaligi, ayniqsa, paxtachilik sanoatida keng qo`llanib kelmoqda. Uning paxta tolasi va chigitini qayta ishlash, ulardan zarur iste`mol mahsulotlari hamda dori vositalari tayyorlash bo`yicha ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.
Olimaning tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan 400 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma`lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
A.Glushenkovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olima, mehribon ustoz, kamtarin inson Anna Glushenkovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, A.Yunusxodjaev, B.Yo`ldoshev






