AsosiyJamiyat

​Prezident devonidagilar Olmazor tumani aholisining muammolari bilan qiziqishdi

'​Prezident devonidagilar Olmazor tumani aholisining muammolari bilan qiziqishdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Prezidentning Toshkent shahri va Olmazor tumanidagi Xalq qabulxonalari tomonidan poytaxtimizning Olmazor tumani aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlari o`zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita tegishli soha rahbarlariga murojaat qilish va ular yuzasidan javob olish imkoniyatiga ega bo`ldi.

Davlatimiz rahbarining topshirig`iga binoan tashkil etilgan ochiq muloqotda sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo`mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari rahbarlari, Toshkent shahri va Olmazor tumani hokimliklari mas`ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni joyida hal etishga harakat qildilar. Qo`shimcha o`rganish zarur, deb topilgan murojaatlar bo`yicha mutasaddi idora va tashkilotlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Tahlillarga murojaat qiladigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga Toshkent shahrining Olmazor tumani aholisidan 2017 yilning 17 aprel holatida 17 ming 436 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 16 ming 734 tasi jismoniy shaxslar, 702 tasi yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 15 ming 733 tasi (90,2 foizi) ko`rib chiqilgan bo`lib, 1 ming 703 tasi (9,8 foizi) ko`rib chiqish jarayonida.

Murojaatlar sohalar bo`yicha o`rganilganda, uy-joy olish va uy-joy qurish uchun er ajratish, uy-joylarning ta`mirga muhtojligi (4 ming 463 ta – 25,6 foiz), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta`minoti hamda bolalar nafaqasini olish (1 ming 424 ta – 8,2 foiz), bank-moliya (1 ming 350 ta – 7,7 foiz), sudlarda ishlar ko`rilishi (833 ta – 4,8 foiz), sud qarorlarining ijrosi (831 ta – 4,8 foiz), fuqarolik, pasport olish va propiskaga o`tish (807 ta – 4,6 foiz), mehnat va bandlik, shu jumladan, ishga joylashish va ishga tiklanish (768 ta – 4,4 foiz), obodonlashtirish va kommunal xo`jaligi, shu jumladan, yo`llarni ta`mirlash (579 ta – 3,3 foiz), ta`lim-tarbiya (503 ta – 2,9 foiz), tabiiy gaz ta`minoti (428 ta – 2,5 foiz), surishtiruv va tergov (413 ta – 2,4 foiz), sog`liqni saqlash (412 ta – 2,4 foiz), transport va yo`lovchi tashish xizmatlari (278 ta – 1,6 foiz), elektr ta`minoti, shu jumladan, elektr energiyasi o`chirilishi va asossiz qarzdorlik hisoblanishi (224 ta – 1,3 foiz), tadbirkorlik sub`ektlari hamda mulkdorlar faoliyatiga bog`liq masalalar (198 ta – 1,1 foiz), issiqlik ta`minoti (152 ta – 0,9 foiz) masalalari bo`yicha eng ko`p shikoyat va arizalar tushayotgani ma`lum bo`ldi.

Tadbirda ta`kidlab o`tilganidek, bu raqamlar bir tomondan xalqimizning davlat hokimiyati va qonun ustuvorligiga bo`lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shahar va tuman hokimliklari mas`ul shaxslarining xalqdan, uni qiynab kelayotgan muammolardan uzoqlashib qolgani, murojaatlar bilan ishlash sohasiga etarli darajada e`tibor qaratmagani kabi salbiy omillar chuqur ildiz otib ketganini ko`rsatadi.

Murojaatlarning 7 ming 532 tasini bevosita Olmazor tumani hokimligi vakolatiga taalluqli masalalar tashkil etadi. Tuman hokimligida murojaatlar bilan ishlash to`g`ri tashkil etilmagani, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlar jalb etilmagani hamda tahlil ishlari yo`lga qo`yilmagani oqibatida fuqarolarning shikoyat va arizalariga qonunda belgilangan muddatda javob berish shartlari buzilishiga yo`l qo`yilmoqda. Misol uchun, hozirgi kunda 416 ta muddati o`tgan murojaat mavjud bo`lib, shundan 126 tasi 2016 yildan qoldiq bo`lib o`tgan, 290 tasi esa joriy yilning yanvar, fevral va mart oylarida kelib tushgan.

Mazkur murojaatlar qonunda belgilangan ijro muddatlarida ko`rib chiqilmagan. Jumladan, 2016 yilning sentyabr oyida kelib tushgan murojaatlardan 4 tasi, oktyabr oyida kelib tushgan murojaatlardan 34 tasi, noyabr oyida kelib tushgan murojaatlardan 51 tasi, dekabr oyida kelib tushgan murojaatlardan 37 tasi hozirgi kunga qadar ko`rib chiqilmagan. Bundan tashqari, o`tgan davr mobaynida ko`rib chiqilgan murojaatlarning 5 ming 430 tasiga muddati buzilgan holda javob xati berilgan.

Ochiq muloqotda tumanda murojaatlar bilan ishlash, odamlarning ichiga chuqur kirib borish, ularni tinglash, yig`ilib qolgan muammolarni hal qilish borasida yo`l qo`yilayotgan xato va kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Odamlar dardi bilan yashash, ularning muammolarini o`z vaqtida hal etib, farovon turmushni ta`minlash, xato va kamchiliklarga befarq bo`lmay, ularni bartaraf etish uchun jon kuydirish, barcha o`z ishiga mas`uliyat bilan yondashish kerakligiga e`tibor qaratildi.

– Bugun turli sohalarda mavjud kamchiliklar ro`y-rost aytilib, ularning amaliy echimi topilayotgani, xalq bilan muloqot olib borishda ochiqlik muhiti yaratilgani, fuqarolarning murojaatlari, taklif va tashabbuslarini o`rganishda rahbar hamda mansabdor shaxslarning mas`uliyati kuchaytirilayotgani ayni muddao bo`lmoqda, – deydi ishtirokchilardan biri O.Toshxo`jaev. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sayyor qabullar orqali aholi bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotlar o`tkazilayotgani davlat idoralarida, barcha darajadagi hokimiyatlarda aholining ariza, shikoyat va takliflarini o`rganishda e`tiborsizlik, sansalorlik holatlariga barham bermoqda, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Haqiqatan ham, sayyor qabulga muammolari tez orada barham topishini umid qilib kelgan insonlar bilan suhbatlashar ekanmiz, Prezidentimizning oddiy odamlar dardini tinglash, barcha bo`g`indagi rahbarlarning bu boradagi mas`uliyati va javobgarligini kuchaytirish yo`lidagi amaliy sa`y-harakatlari xalqimizga katta ma`naviy va ruhiy madad berayotganiga guvoh bo`ldik.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar