1

​Shavkat Mirziyoev rahbarligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi

Jamiyat 20.04.2017, 11:08
Teglar: O`zbekiston, Shavkat Mirziyoev, Prezident
​Shavkat Mirziyoev rahbarligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2017 yil 19 aprel kuni videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilish ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperasiyasini kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish, shuningdek, eksport prognoz ko`rsatkichlarining so`zsiz bajarilishi va eksport hajmini yanada ko`paytirish maqsadida mavjud imkoniyatlarni to`liq ishga solish uchun barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga bag`ishlandi, deb yozadi O`zA.

Yig`ilishda tayyor mahsulotlar turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo`yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish doirasida qiymati 5,5 milliard dollardan ortiq 2,8 mingdan ko`proq mahalliylashtirish loyihasi hayotga tatbiq etilgani, ilgari xorijdan olib kelingan 4,8 mingdan ziyod yangi mahsulotlar turlarini ishlab chiqarish o`zlashtirilgani ta`kidlandi. Natijada keyingi besh yilda import hajmi 752 million dollarga, jumladan, 2016 yilda 286 million dollarga kamaydi.

Biroq import o`rnini bosadigan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganiga qaramasdan, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xo`jalik birlashmalari import hajmining asossiz oshib ketishiga yo`l qo`ymoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish va yangi ish o`rinlari yaratish bo`yicha muhim loyihalarni amalga oshirishga yo`naltirilishi mumkin bo`lgan valyuta mablag`laridan samarasiz foydalanishga olib kelmoqda.

"O`zbekenergo", "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati", "O`zbekengilsanoat", "O`zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyatlari, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi, "O`zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasi, "O`zdonmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi, "O`zbekcharmpoyabzali" uyushmasi, "O`zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni korxonalarida 2016 yilda import hajmi sezilarli ravishda oshgan. Qator kompaniyalar va xo`jalik birlashmalari, jumladan, "O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati", "O`zbekengilsanoat", "O`zbekenergo", "O`zqurilishmateriallari" va "O`zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyatlari, "O`zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi, "O`zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilishi o`zlashtirilgan mahsulotlarning xorijdan olib kelinishiga yo`l qo`ygan. Shu bilan birga, ayrim korxonalar tomonidan xorijdan ularning asosiy faoliyatiga xos bo`lmagan mahsulotlar ham sotib olingan.

Qayd etilgan kompaniyalar va xo`jalik birlashmalari rahbarlari import hajmi, ayniqsa, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xomashyo va materiallarni xorijdan olib kelish hajmining o`sishi, shuningdek, asossiz import uchun valyuta resurslarini jalb qilgani uchun ularga nisbatan qat`iy javobgarlik choralari qo`llanilishi, hatto, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to`g`risidagi masala ko`rib chiqilishi haqida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, xo`jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga importni maqbullashtirish va qisqartirish, shuningdek, ular nazorat qiladigan tashkilot hamda korxonalarning valyuta mablag`laridan samarali foydalanishi bo`yicha shaxsan javob berishi to`g`risidagi masala yuklandi.

Yig`ilish davomida Davlat bojxona qo`mitasiga import qiluvchi korxonalar faoliyatining import turi va nomenklaturasiga muvofiqligi ustidan doimiy qat`iy nazorat o`rnatish va faoliyatiga xos bo`lmagan tovarlar olib kirilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha tegishli tezkor choralar ko`rish uchun Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlariga har oy hisobot berishi topshirildi. Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga uskuna va texnologiyalar uchun import shartnomalarining narxlari, tender hujjatlari, shuningdek, "foydalanishga tayyor" shartlari asosida tuziladigan investisiya loyihalarining asosliligini tanqidiy tahlil qilish topshirildi.

“O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, "O`zbekiston temir yo`llari" aksiyadorlik jamiyati rahbarlari A.Sultonov va A.Shukurovga investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun keraksiz bo`lgan tovarlar bojxona omborlarida uzoq muddat saqlanayotgani ko`rsatib o`tildi. Davlat bojxona qo`mitasiga Hisob palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bojxona omborlarida uzoq vaqtdan buyon saqlanayotgan mahsulotlarni to`liq inventarizasiyadan o`tkazish va ulardan keyinchalik foydalanish, shuningdek, bojxona omborlari tizimini maqbullashtirish va tartibga solish, ular uchun xalqaro standartlar darajasida yagona texnik talablar belgilash bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritish topshirildi.

Raqobatbardosh va import o`rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari yig`ilish ishtirokchilarining diqqat markazida bo`ldi. "O`zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni rahbari M.Do`stmurodov, "O`zeltexsanoat" aksiyadorlik kompaniyasi rahbari F.Boqiev, “O`zagrotexsanoatxolding” xolding kompaniyasi raisi N.Otajonov, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi raisi O.Rustamov va "O`zmontajmaxsusqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi rahbari A.Shodiev mahalliylashtirish va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini o`z vaqtida va to`liq amalga oshirishni ta`minlamayotgani uchun qattiq tanqid qilindi.

Iqtisodiyot vazirligiga mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni yanada rag`batlantirish maqsadida Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishda yondashuvlarni tanqidiy qayta ko`rib chiqish va 2018 yildan Dasturga mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarishni o`zlashtirish taklif etilayotgan import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ro`yxati asosida yangi mahalliylashtirish loyihalarini kiritish haqida ogohlantiruvchi mexanizmni joriy etish topshirildi.

Yig`ilish ishtirokchilari e`tibori aksariyat korxonalar Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasion birjada shartnomalarni nomigagina tuzayotganiga qaratildi. Jumladan, "O`zavtosanoat","O`zmontajmaxsusqurilish”, "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik kompaniyalari, Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi, "O`zbekiston havo yo`llari" milliy aviakompaniyasi, "O`zagrosanoatxolding" xolding kompaniyasi korxonalari 2016 yilda tuzilgan shartnomalar bo`yicha mahsulotlarni to`liq xarid qilmagan. Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, axborot-tahlil departamentlari mudirlari, vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalar, uyushmalar, xo`jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasion birjada 2017 yil uchun tuzilgan shartnomalar o`z vaqtida, to`liq amalga oshirilishi uchun shaxsan javob berishi haqida qat`iy ogohlantirildi.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 apreldagi 4891-farmoyishi bilan tashkil etilgan Import bo`yicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini tanqidiy tahlil qilish, import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo`yicha komissiya rahbari M.Nurmurotovga Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq, tarmoqlar tomonidan importni kamaytirish va import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to`g`risidagi axborotni, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarlik choralari bo`yicha qarorlari loyihasini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har oyda kiritish topshirildi.

Shu bilan birga, Komissiya zimmasiga 2017 yil 1 iyulga qadar bojxona to`lovlari bo`yicha qonunchilikda ko`zda tutilgan imtiyozlarni to`liq inventarizasiyadan o`tkazish va ularni qisqartirish hamda maqbullashtirishga doir takliflar kiritish vazifasi yuklatildi. Vazirlar Mahkamasiga 2017 yilning 1 mayidan bojxona to`lovlari bo`yicha yangi imtiyozlarni taqdim etish bo`yicha takliflarni faqat Komissiya bilan kelishgan holda ko`rib chiqish amaliyotini joriy qilish topshirildi.

Yig`ilishda tovarlar, ishlar va xizmatlarning eksport hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, jahon bozori kon`yunkturasini hisobga olgan holda qo`shimcha eksport uchun foydalanilmagan zaxiralarni jalb etish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

2017 yilning birinchi choragida eksport hajmi 2016 yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga oshganiga qaramasdan, turli tarmoqlar va hududlardagi qator korxonalar eksport bo`yicha prognoz ko`rsatkichlarni to`liq bajarmagani ta`kidlandi. Xususan,"O`zagrotexmash", “O`zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatlari,“O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, "O`zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni korxonalari, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg`ona va Xorazm viloyatlaridagi hududiy korxonalar tomonidan prognoz ko`rsatkichlarni bajarishda oqsoqlikka yo`l qo`yilgan. Meva-sabzavot mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan qator tumanlar, jumladan, Oltinko`l (Karimov), Buloqboshi (Maxsudov), Qo`rg`ontepa (Ergashev), Xo`jaobod (Ismoilov), Buxoro (Esonov), Vobkent (Javodov), Baxmal (Safarov), Sariosiyo (Jo`raev), Sirdaryo (Nazarov) va Quva (Rahmonov) tumanlarida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish prognozlari bajarilmagan.

Eksport prognoz ko`rsatkichlari bajarilishini ta`minlashda yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun “O`zagrotexsanoatxolding” (Otajonov), “O`zbekoziqovqatxolding” xolding (Rustamov) kompaniyalari, "O`zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyati (Zaripov), "O`zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni (Do`stmurotov) rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari faoliyati tanqid qilindi.

2017 yilning birinchi choragida meva-sabzavot mahsulotlarini belgilangan hajmda eksportga etkazib berishni ta`minlamagan tumanlar hokimlari birinchi yarim yil yakunlari bo`yicha prognoz ko`rsatkichlarini bajarmagan taqdirda ularning egallab turgan lavozimida qolishi yoki qolmasligi to`g`risidagi masala ko`rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Eksport prognoz ko`rsatkichlari bajarilishini ta`minlamagan tarmoqlar va hududlar rahbarlariga o`n kun muddatda yo`l qo`yilgan ortda qolishning o`rnini to`ldirish va joriy yil birinchi yarmi va, umuman, 2017 yil yakunlari bo`yicha tasdiqlangan eksport ko`rsatkichlariga chiqish maqsadida har bir korxona kesimida mavjud muammoli masalalarni bartaraf etishga doir aniq choralar ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga "O`zagroeksport" aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini, jumladan, ushbu mahsulotlarni etishtirishga ixtisoslashgan 66 tumanda ekinlarni o`z vaqtida ekish, mahsulotlarni tayyorlash, shartnomalar tuzish va jo`natish orqali eksport ko`rsatkichlarining so`zsiz bajarilishi bo`yicha zarur choralar ko`rish topshirildi.

Yig`ilishda joylarda yangi ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash masalasiga ham e`tibor qaratildi. Jumladan, oliy o`quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining kasblar bo`yicha bilim va mehnat ko`nikmalarini shakllantirish, bandligini ta`minlash, ular uchun munosib ish sharoiti yaratish chora-tadbirlari ko`rib chiqildi.

Vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahalliy davlat organlariga yangi ish o`rinlari tashkil etishga ko`maklashish bo`yicha yangicha tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig`ilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar, xo`jalik birlashmalari rahbarlari so`zga chiqdi. Ko`rilgan masalalar muhokamasi yakunlari bo`yicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperasiyasini kengaytirish hisobidan import hajmi va turini maqbullashtirishni ta`minlash, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksporti hajmi va turlarini yanada ko`paytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish to`g`risida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sharhlar

Prezidentning Tojikistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi

19.04.2024, 18:05

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Kuni kecha O`zbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon...
O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy davr boshlanmoqda

19.04.2024, 14:58

Dushanbega davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati...
O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha davlat komissiyasi tashkil etildi

03.02.2023, 11:00

O`zbekiston Prezidenti “O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonni imzoladi.Hujjat bilan O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1