O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlashni tubdan yaxshilash, suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi ob`ektlarini samarali ekspluatasiya qilish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi. “Davsuvinspeksiya” Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari bilan birgalikda tashkil etiladi.
Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, etkazib berish va realizasiya qilish, kanalizasiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko`rsatish sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi;
suv ta`minoti va kanalizasiya tashkilotlari tomonidan texnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yo`naltirilgan suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi ob`ektlarining texnik auditdan o`tkazilishi;
suv ta`minoti va kanalizasiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi, suv ta`minoti va kanalizasiya tizimiga o`zboshimchalik bilan ulanib olishga yo`l qo`ymaslik;
suv ta`minoti va kanalizasiya tizimi ob`ektlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari, suv ta`minoti va kanalizasiya tizimidagi buzilishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish bo`yicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yo`qotilishining belgilangan normalariga rioya etilishi;
mulkchilik shakllaridan qat`i nazar, erosti suvlari quduqlarining holati va ularni ishlatish shart-sharoitlari yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalari “Davsuvinspeksiya”ga bevosita hisobot beradilar, “Davsuvinspeksiya” boshlig`i O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi va o`z maqomiga ko`ra vazirning birinchi o`rinbosariga tenglashtiriladi.
Farmonning to`liq matni bilan O`zAda tanishish mumkin.