AsosiyDunyo

​Tomsklik pensioner pensiyasiga qo`shilgan 60 rublni Medvedevga qaytarib jo`natdi

'​Tomsklik pensioner pensiyasiga qo`shilgan 60 rublni Medvedevga qaytarib jo`natdi'ning rasmi

Pensioner mazkur pul o`tkazmasini jo`natish uchun 130 rubl sarfladi, deb xabar berdi Tjournal.ru nashri.

Rossiyaning Tomsk viloyati, Bely Yar qishlog`ida yashovchi pensioner Viktor Smirnyagin pensiyasiga qo`shilgan ustamani Dmitriy Medvedevga qaytarib jo`natdi. U aprel oyida pensiyasiga qo`shilgan 60 rublni “sariq chaqa”, deb atab, bosh vazir Dmitriy Medvedevga yubordi.

Smirnyaginning aytishicha, hukumat o`zining bu hatti-harakati bilan pensionerlarning ustidan ochiqchasiga kulmoqda. U vazir mamlakatda bo`layotgan voqealarni o`z ko`zi bilan ko`rishi, tushunishi uchun pulni qaytarib jo`natgan.

“Barcha pensionerlarni pochtaga borib, pensiyalariga qo`shilgan ustamani bosh vazirga qaytarib jo`natishga chaqiraman! Qo`shimcha pulni qaytaring! Balki shu sariq chaqani ularga jo`natsak, tinimsiz tomoq yirtishdan to`xtashar! ”dedi Viktor Smirnyagin.

Pensioner bir soat davomida mazkur pulni jo`natishga harakat qildi, ammo pochta xodimlari bunday kam pulni jo`natishdan bosh tortishdi, oqibatda u pochta xizmati uchun 130 rubl to`lashga majbur bo`ldi.

2017 yilning 1 aprelidan boshlab, Rossiyada pensiyalar 1,5 % ga oshirildi. Pensiya jamg`armasi bergan ma`lumotga ko`ra, o`rtacha sug`urta pensiya miqdori 13 655 rublni, ijtimoiy pensiya esa 8 742 rublni tashkil etadi.

Boshqa yangiliklar