Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi. Qaror matni O`zAda keltirildi.
Ta`kidlash joizki, 2011-2016 yillarda Oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy ta`lim muassasasining 202 ta ob`ektida yangi qurilish, kapital ta`mirlash va rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Iqtisodiyotning real sektori talablaridan kelib chiqib, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yo`nalishlari va ixtisosliklari bo`yicha o`qishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy ta`lim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha yangilangan davlat oliy ta`lim standartlari va o`quv dasturlari joriy qilindi.
Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 8 oktyabrdagi F-4724-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy ta`lim tizimidagi holatni o`rganish natijalariga ko`ra, bir qator oliy ta`lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, ta`lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o`quv adabiyotlari bilan ta`minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
Oliy ta`lim tizimida o`z yo`nalishlari bo`yicha dunyoning etakchi ilmiy-ta`lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatish, o`quv jarayoniga ilg`or xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning etakchi ilmiy-ta`lim muassasalarida stajirovkadan o`tkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar etarli darajada olib borilmayapti.
Oliy ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko`rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta`minlash maqsadida:
1. Oliy ta`lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish bo`yicha eng muhim vazifalar etib quyidagilar belgilansin:
har bir oliy ta`lim muassasasi jahonning etakchi ilmiy-ta`lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o`rnatish, o`quv jarayoniga xalqaro ta`lim standartlariga asoslangan ilg`or pedagogik texnologiyalar, o`quv dasturlari va o`quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish, o`quv-pedagogik faoliyatga, master-klasslar o`tkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta`lim muassasalaridan yuqori malakali o`qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish, ularning bazasida tizimli asosda respublikamiz oliy ta`lim muassasalari magistrant, yosh o`qituvchi va ilmiy xodimlarining stajirovka o`tashlarini, professor-o`qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish;
oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, oliy ta`lim muassasalarida o`qitish yo`nalishlari va mutaxassisliklarini istiqbolda mintaqalar va iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish, amalga oshirilayotgan hududiy va tarmoq dasturlarining talabalarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
ta`lim jarayonini, oliy ta`limning o`quv reja va dasturlarini yangi pedagogik texnologiyalar va o`qitish usullarini keng joriy etish, magistratura ilmiy-ta`lim jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish asosida yanada takomillashtirish;
yangi avlod o`quv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy ta`lim muassasalarining ta`lim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta`lim muassasalarini zamonaviy o`quv, o`quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta`minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini o`tkazish, oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari bo`yicha o`qitish, oliy ta`lim muassasalari va qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari o`quv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, o`qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish;
oliy ta`lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta`limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integrasiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug`ullanishga keng jalb etish;
oliy ta`limning ma`naviy-ahloqiy mazmunini oshirish, talaba-yoshlarga mustaqillik g`oyalariga, yuksak ma`naviyat va insoniylikning milliy an`analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirish, ularda yot g`oya va mafkuralarga nisbatan immunitet va tanqidiy tafakkurni mustahkamlash bo`yicha keng ko`lamli ma`rifiy va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
oliy ta`lim muassasalari moddiy-texnika bazasini o`quv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari, ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash, oliy ta`lim ilm-fanining ustuvor yo`nalishlari bo`yicha o`quv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlash orqali yanada mustahkamlash;
oliy ta`lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash, oliy ta`lim muassasalari talabalari, o`qituvchilari va yosh tadqiqotchilarining jahon ta`lim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va ma`lumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish.
2. 2017-2021 yillarda Oliy ta`lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi (keyingi o`rinlarda – Dastur), uning tarkibida quyidagilar:
2017-2021 yillarda oliy ta`lim tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlari 1-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizasiyalash, ularni zamonaviy o`quv-ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash kompleks chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda Oliy ta`lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish moliyaviy xarajatlar hajmining hisoblangan parametrlari 3-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy ta`lim muassasalari ro`yxati 4-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda o`quv va ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashning har yili tasdiqlanadigan manzilli dasturlariga kiritiladigan oliy ta`lim muassasalari ro`yxati 5-ilovaga muvofiq;
2017-2021 yillarda oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirishning manzilli dasturlari 6-74 ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish bo`yicha “Iste`dod” fondining faoliyatini tubdan qayta ko`rib chiqish bo`yicha takliflarni, quyidagilarni inobatga olgan holda, tayyorlasin:
xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarida oliy ta`lim muassasalarining pedagog va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, stajirovkasini o`tkazish, bitiruvchilarning PhD va magistratura dasturlarida o`qitishni tashkillashtirish bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni;
yuqori malakali xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarni xorijiy oliy ta`lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik mexanizm va shakllarini joriy etishning ustuvor yo`nalishlarini inobatga olgan holda, Oliy ta`lim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari o`quv jarayoniga keng jalb etish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini;
“Iste`dod” fondining moliyaviy resurslarini shakllantirish manbasi sifatida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi mablag`larini jalb etishni.
4. Shunday tartib o`rnatilsinki, unga muvofiq xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarni respublika oliy ta`lim muassasalari, Oliy ta`lim muassasalari va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlari (keyingi o`rinlarda – Tarmoq markazlari) o`quv jarayonlariga jalb etishda:
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflari asosida xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarning mehnatiga haq to`lash mehnat shartnomasida belgilangan miqdorda erkin konvertasiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi;
xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalarida bir yilda ikki martadan oshmagan holda) oliy ta`lim muassasalari, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada to`lanadi;
xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarning bir oydan oshmagan muddatga tuzilgan qisqa muddatli mehnat shartnomalari bo`yicha respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari oliy ta`lim muassasasi, Tarmoq markazlari tomonidan milliy valyutada to`lanadi, bundan uzoq muddatga tuziladigan mehnat shartnomalari bo`yicha xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarning uy-joy ijara xarajatlari tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq oylik maoshlarini to`lashda amalga oshiriladi;
xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarga O`zbekiston Respublikasida bo`lgan davrida kunlik safar xarajatlari 20 AQSh dollari ekvivalentidagi kundalik me`yor bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to`lov kunidagi kursi bo`yicha milliy valyutada to`lanadi;
oliy ta`lim muassasalari, Tarmoq markazlari o`quv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soliqlari to`lashdan ozod etiladi;
oliy ta`lim muassasalari, Tarmoq markazlari o`quv jarayoniga jalb qilinadigan xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromadlari yagona ijtimoiy to`lovlaridan ozod etiladi;
xorijiy olim, o`qituvchi va mutaxassislarni jalb etish va ularning moddiy ta`minoti bo`yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbasi sifatida oliy ta`lim muassasalari va Tarmoq markazlariga o`rnatilgan tartibda ajratiladigan byudjet mablag`lari, oliy ta`lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag`lari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
5. Ta`lim va o`qitish sifati ustidan samarali davlat nazoratini o`rnatish maqsadida Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta`lim muassasalarini attestasiya qilish boshqarmasi negizida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib:
ta`lim tizimida o`quv-tarbiya jarayonlari, professor-o`qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish bo`yicha davlat siyosatini amalga oshirish;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat`i nazar, ta`lim muassasalarini attestasiya va davlat akkreditasiyasidan o`tkazish.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Ta`lim sifatini nazorat qilish bo`yicha davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil qilish bo`yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining manfaatdor davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Namangan muhandislik-pedagogika institutini Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirish va uning ixtisoslashuvini o`zgartirish;
Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti filiallarini tashkil qilish.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mazkur ta`lim muassasalarida o`quv-tarbiya jarayonini to`liq tashkil qilish, professor-o`qituvchilar tarkibini butlash, zarur moddiy-texnika va o`quv-laboratoriya bazasini shakllantirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
7. 2017-2021 yillarda Oliy ta`lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta`minlash bo`yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun 75-sonli ilovadagi tarkibga muvofiq Komissiya tashkil qilinsin.
Komissiya (A.N.Aripov):
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning takliflari bo`yicha har yili, moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan parametrlari doirasida, oliy ta`lim muassasalarining o`quv va ilmiy-laboratoriya bino va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi ob`ektlarini ularning texnik holatini, shuningdek, har bir oliy ta`lim muassasasining moddiy-texnika ta`minotini inobatga olgan holda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash manzilli ro`yxatlarini tasdiqlasin;
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning asoslangan takliflari bo`yicha moliyaviy yil uchun belgilangan kapital qo`yilmalar doirasida tasdiqlangan manzilli ro`yxatlar parametrlariga o`zgartirishlar kiritib borsin;
Dasturning amalga oshirilib borishi bo`yicha tizimli monitoring o`rnatsin va uning bajarilish natijalarini Vazirlar Mahkamasining yarim yil va yil yakunlari bo`yicha o`tkaziladigan yig`ilishlari muhokamasiga kiritib borsin.
8. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish bo`yicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.
9. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
o`quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bo`yicha – O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari;
Navoiy konchilik instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari hamda Toshkent temir yo`l muhandislari institutining o`quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bo`yicha – idoraviy mansubligi bo`yicha tegishli tashkilotlarning o`z mablag`lari.
10. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2018 yil va keyingi yillar uchun O`zbekiston Respublikasi Investisiya dasturlari parametrlarini shakllantirishda, Komissiya qarori asosida, oliy ta`lim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash ishlari uchun zarur mablag`larni O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi resurslaridan ajratilishini nazarda tutsin.
11. Belgilansinki, Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 2017-2021 yillar mobaynida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan yo`naltirilgan xayriya mablag`lari foyda solig`ini hisoblashda va yagona soliq to`lovini to`lashda soliqqa tortish bazasidan chiqariladi.
12. O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining oliy ta`lim muassasalari o`quv va ilmiy-laboratoriya binolari va korpuslari, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmasi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlashni loyihalashtirishda ko`llaniladigan yagona texnik topshiriq va talablar konsepsiyasini ishlab chiqish bo`yicha bosh loyihachi tashkilot sifatida “Tashgiprogor” aksiyadorlik jamiyatini belgilash to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin.
13. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga oliy ta`lim muassasalarida qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash bo`yicha ishlarni tashkil etishda, jumladan, zarur hollarda, ularga er maydonlarini ajratish to`g`risida qaror qabul qilishda va tashqi muhandislik kommunikasiyalariga ulanishda ko`maklashsin;
oliy ta`lim muassasalarining tashqi muhandislik kommunikasiyalariga ulanishida optimal texnik sharoitlar yaratilishini ta`minlasin.
Oliy ta`lim muassasalari ixtiyoridagi er maydonlarini tasarruf etish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilansin.
14. Quyidagilar 2022 yilning 1 yanvarigacha:
2017-2021 yillarda Oliy ta`lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 21 maydagi PQ-1533-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016 yillarda Oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturi doirasida olib kiriladigan zamonaviy o`quv-laboratoriya, ilmiy-laboratoriya va kompyuter uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari (butlovchi materiallar, reaktivlar, kimyoviy idish, biologik materiallar va ob`ektlar), dasturiy mahsulotlar, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro`yxat bo`yicha xorijiy o`quv va ilmiy-metodik adabiyotlar bojxona to`lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlari bundan mustasno);
ta`lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xo`jalik yurituvchi sub`ektlar bilan tuzilgan shartnomalar bo`yicha bajariladigan amaliy, innovasion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo`yicha yuridik shaxslarning daromad solig`i, yagona soliq to`lovi, qo`shimcha qiymat solig`i va davlatning maqsadli jamg`armalariga majburiy to`lovlardan (yagona ijtimoiy to`lovdan tashqari) ozod etilsin.
15. O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi:
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ta`lim sohasida zamonaviy standartlar talablaridan kelib chiqib, mavjud maydonlardan optimal foydalanish, zamonaviy resurs va energiya tejamkor texnologiyalarni qo`llash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va butlovchi qismlardan ustuvor foydalanishni nazarda tutgan holda oliy ta`lim muassasalari bo`yicha shaharsozlik qurilish me`yorlari va qoidalarini tanqidiy qayta ko`rib chiqsin;
ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlari, berilayotgan ekspert xulosalari va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan doimiy va tizimli nazoratni ta`minlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjaev zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri, 2017 yil 20 aprel






