Shavkat Mirziyoev Olmazor tumanidagi “Oniks Toshkent” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Korxona Markaziy Osiyoda yagona bo`lib, bir sutkada 20 tonna natriy-kalsiylik zamonaviy shisha idishlar ishlab chiqaradi. Evropaning etakchi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonada 200 kishi mehnat qiladi.
Prezidentimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko`zdan kechirdi, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbariga 2017-2018 yillarda Olmazor tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo`yicha loyiha ko`rsatildi. Unda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash, bo`sh turgan va qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlardan samarali foydalanish ko`zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoev tumandagi bo`sh turgan binolardan samarali foydalanish, ular bazasida zamonaviy va talab yuqori bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
“O`zsanoatqurilishbank” , “Asakabank”, Xalq banki, O`zmilliybank, “Ipoteka-bank” “Ipak yo`li” banklari tomonidan Olmazor tumanida ishga tushirilayotgan yangi loyihalarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. “Art vud grup” MChJ tomonidan yog`och mahsulotlaridan LDSP va LMDF ishlab chiqarish loyihasi shulardan biri. Korxona mahsulotlaridan zamonaviy mebel va buyumlar tayyorlashda foydalaniladi. “Ijod-ijod” xususiy korxonasi sopol buyumlar, “Euroasia Alliance Teks" MChJ dag`al ip gazlama, “Stanko Stroitel” MChJ metall va yog`ochga ishlov beradigan dastgohlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yadi.
“Inter kapital” MChJga qarashli bo`lgan bino va inshootlarda dori vositalari ishlab chiqarish, “Galenika” MChJda esa yiliga 60 dan ortiq turdagi 225 million dona tabletka, kapsula, sashe va boshqa import o`rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz mazkur loyihalarni ishga tushirish muddati va yaratiladigan ish o`rinlari bilan qiziqdi.
Loyihalarda qurilish materiallari, yog`och, metall, polisterolbeton plitalari, oynani qayta ishlash, maxsus ishchi kiyimlari, qandolatchilik mahsulotlari, tibbiyot buyumlari, non va non mahsulotlari, oziq-ovqat, engil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko`zda tutilgan.






