AsosiyJamiyat

​Issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

'​Issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish dasturi qabul qilindi'ning rasmi

“2018-2022 yillarda issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish dasturi to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Qaror iste`molchilarga issiqlik energiyasi etkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta`minlash, issiqlik ta`minoti tizimini zamonaviy tejamkor va kam energiya sarflaydigan texnologiyalarni joriy etish asosida yangilash va modernizasiya qilish, yoqilg`i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan mamlakatimizda issiqlik ta`minoti tizimini yanada rivojlantirish bo`yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

issiqlik ta`minoti tizimiga energiya va resurs tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

ko`p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa ob`ektlarning markazlashtirilmagan issiqlik ta`minoti tizimini energiya samaradorligi yuqori bo`lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta`minot tizimini o`rnatish orqali rivojlantirish;

jismoniy va ma`naviy eskirgan, tejamkor bo`lmagan qozonxona agregatlarini, ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizasiya va rekonstruksiya qilish, almashtirish;

energiya resurslari iste`moli va ishlab chiqarilishini me`yor bo`yicha hisoblashni amalda qo`llash, iste`molchilarni hamda issiqlik ta`minoti xizmatlarini hisoblash va to`lovlarni amalga oshirishga avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy qilish.

Qarorda 2018-2022 yillarda markaziy qozonxona, issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalarni modernizasiya va rekonstruksiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo`lgan, jumladan, gelioqurilmalarni qo`llash orqali mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta`minoti tizimini o`rnatish parametrlari, shuningdek, issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o`z mablag`lari, tijorat banklari kreditlari, pudrat tashkilotlari mablag`lari va O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan 1,7 trillion so`m yo`naltirish ko`zda tutilgan.

Qaror ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari – “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklandi.

Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.

Boshqa yangiliklar