AsosiyJamiyat

​Chirchiqda “Yosh chegarachilar” musobaqalarining respublika bosqichi bo`lib o`tdi

'​Chirchiqda “Yosh chegarachilar” musobaqalarining respublika bosqichi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Joriy yilning 20-22 aprel kunlari Chirchiq shahrida “Yosh chegarachilar” musobaqalarining respublika bosqichi bo`lib o`tdi.

Mamlakatimiz yosh avlodni jismonan sog`lom, ma`nan etuk va barkamol etib tarbiyalash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida joylarda turli madaniy-ma`rifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari o`tkazilmoqda. Bir necha yildan beri mamlakatimiz miqyosida o`tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” musobaqasi ham ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 dekabrdagi Farmoyishi ijrosini ta`minlash maqsadida “Yosh chegarachilar” musobaqalari 2017 yilning fevral-may oylarida o`tkazilishi rejalashtirilgan edi. Mazkur musobaqani o`tkazishda Respublika chegaraoldi hududlarida joylashgan kasb-hunar kollejlari va akademik lisey o`quvchilarini harbiy xizmatga tayyorlash, ularni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, O`zbekiston Respublikasining “O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to`g`risida”gi Qonunini keng targ`ib qilish singari ezgu maqsadlar ko`zda tutilgan.

Ushbu musobaqalar O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mitasi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati, O`rta maxsus kasb-hunar ta`lim markazi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi, O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi, O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi va Sog`liqni saqlash vazirligi hamda boshqa bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida, chegaraoldi hududlaridagi o`rta maxsus ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan o`quvchilar o`rtasida o`tkazib kelinmoqda.

O`tgan yillar davomida o`tkazilgan saralash bosqichlarida yurtimizning barcha chegaraoldi hududlaridagi kollej va liseylardan 20 mingdan ortiq o`quvchilar jalb qilindi. Bu yilgi “Yosh chegarachilar” musobaqalari Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida, yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqalarning ochilish marosimida so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Raisi o`rinbosari Rustam Eminjanov, Respublika O`rta maxsus kasb-hunar ta`limi markazi raisi o`rinbosari Fayzulla Xayrullaev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama bilim olishi, sog`lom va barkamol voyaga etishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar mazkur musobaqalarning maqsad va vazifalari xususida so`z yuritdilar.

Jamoalar musobaqalar nizomidan joy olgan safda yurish tayyorgarligi, safta qo`shiq bilan yurish, harbiy varaqalar, albom va vimpellar ko`rigi, maxsus ustki kiymlar ko`rigi, ijtimoiy siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, “O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to`g`risida”gi Qonun, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “O`zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan savol-javoblar va ingliz tili bo`yicha test savollari, AKM avtomatini qismlarga ajratish va yig`ish, belgilangan masofaga yugurish, turnikka tortilish singari yo`nalishlarda o`z bilim va mahoratlarini sinovdan o`tkazishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar harbiy dala o`quv maydonida etti bosqichdan iborat harbiylashtirilgan sport musobaqalarida ham bir qator shartlar bo`yicha o`z kuch va imkoniyatlarini namoyish etishdi.

Musobaqalar yakuniga ko`ra, birinchi o`rinni Qoraqalpog`iston Respublikasi Xo`jayli tumanidagi Agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining “Tinchlik posbonlari” jamoasi qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin Toshkent viloyati Bekobod shahar Sanoat kasb-hunar kollejining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi. Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” jamoasi esa uchinchi o`ringa sazovor bo`ldi. G`olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.

Musobaqaning yopilish marosimi poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da bo`lib o`tdi. Tadbirda taniqli san`atkorlarimiz ishtirokidagi kuy-qo`shiq va raqslar barchaga manzur bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar