AsosiyJamiyat

​Jizzax viloyatida Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlari barpo etiladi

'​Jizzax viloyatida Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlari barpo etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 aprel kuni Jizzax viloyatida bo`ldi.

Tashrif chog`ida davlatimiz rahbari Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari bilan ham tanishdi, deb yozadi O`zA.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 18 noyabrda Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash, u kishi tug`ilib o`sgan Jizzax zaminida yodgorlik majmuasi barpo etish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusning ijobati sifatida Jizzax tumani Sharof Rashidov tumani deb nomlandi. 2017 yil 27 mart kuni Prezidentimizning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonini barpo etish, mazmun-mohiyatini boyitish, ularning ijodiy maktablarini tashkil etish yuzasidan ham ko`rsatmalar berildi.

Jizzax viloyati tumanlari markazlarida bunyod etiladigan 4 qavatli arzon uy-joylar loyihasi ham namoyish etildi.

Prezidentimiz Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig`ini faoliyati, profilaktika inspektori yashash joyi bilan tanishib, “Uchtepa” massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarda yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan har biri 16 xonadonli 2 ta ikki qavatli va 10 xonadonga mo`ljallangan 2, 3 xonali, 2 sotix tomorqa va yordamchi inshootlarga ega bitta bir qavatli uyda 42 oilaning zamonaviy sharoitlarda yashashi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Bunday zamonaviy uylar qishloq ko`rkiga ko`rk qo`shish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, odamlarda davlatimizga va ertangi kunga ishonch tuyg`usini yanada mustahkamlamoqda.

Yangi uylar “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig`ini kengashi tavsiyasi bilan birinchi navbatda turar joyga ehtiyojmand yosh oilalarga berildi.

Davlatimiz rahbari aholi bilan muloqotda bo`ldi.

Prezidentimiz Paxtakor tumanida bo`lib, Jizzax viloyatida engil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo`jaligi tarmoqlarida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimiz tashkil etilayotgan har bir ish o`rni muhim ekani, korxonalarni barpo etishda zamonaviy qurilish materiallaridan keng foydalanish va ishga tushirish muddatlarini tezlashtirish lozimligini qayd etdi.

Viloyatda yirik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, parrandachilikni rivojlantirish, Zomin tumanida tokzorlar, issiqxona majmuasi barpo etish, asal etishtirish, Baxmal tumanida 2 ming bosh qoramol boqiladigan va sutni qayta ishlaydigan korxonani ishga tushirish, Forish tumanida naslli echkilarni ko`paytirish va echki sutini qayta ishlash agrofirmasi tashkil qilish, G`allaorol tumanida yong`oqzorlar barpo etish, Aydar-Arnasoy ko`llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish loyihalarining taqdimotlari ham o`tkazildi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoev «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida ham bo`ldi.

Sharof Rashidov tumanida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta`minlash va turmush darajasini yanada oshirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Boshqa yangiliklar