Mamlakatimizda kinematografiya sohasini yanada rivojlantirishga ko`maklashish, sohada faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga amaliy yordam ko`rsatish, yosh kinoijodkorlarni qo`llab-quvvatlash, ularning imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishga amaliy yordam berish maqsadida yangi Markaz o`z ishini boshladi.
Kinematografiyani rivojlantirish markazi yuqorida ko`rsatilgan bir qator ijtimoiy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni ko`zlagan holda NNT sifatida ta`sis etilib, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Markazning tantanali ochilish marosimi 3 may kuni bo`lib o`tadi. Ochilish marosimida kino arboblari, kino tanqidchilar, aktyor va aktrisalar hamda OAV xodimlari ishtirokida matbuot anjumani ham bo`lib o`tadi.
Markaz Toshkent shahar Muqimiy ko`chasi 8 uyda joylashgan.
Darvoqe, Markaz allaqachon kinematografiya sohasiga o`zining hissasini qo`shishni boshlab yuborgan. O`zbekistonlik talaba Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan ishchi nomi «U» («Ona») bo`lgan filmida rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, rejissyor, «Brigada», «Jmurki», «Ostrov» kabi serial va filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujevning ishtirokini ta`minlagan.
Markaz matbuot xizmati tomonidan Darakchi.uz tahririyatiga quyidagi fotosuratlar taqdim etildi.