Dasturiy ta`minot ishlab chiqarish bo`yicha dunyodagi etakchi kompaniyalardan biri Microsoft korporasiyasi 2017 yilning 26 aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT)da maxsus o`quv sinfini ochdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Zamonaviy IT-sinfi monoblok kompyuterlari bilan jihozlangan bo`lib, barcha zarur jihozlar Microsoft korporasiyasi tomonidan beg`araz taqdim etilgan hamda lisenziyaga ega dasturiy ta`minotlar va echimlar, shuningdek, mashg`ulotlar o`tkazish uchun qo`shimcha uskunalar bilan ta`minlangan.
Mazkur sinfning ochilishi bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Microsoft’ning dasturiy mahsulotlari to`g`risidagi o`z bilimlarini mustahkamlaydi. Bunda IT-sinfdan davlat organlari, xususiy kompaniyalar, keng aholi vakillari ishtirokida turli xildagi mahorat maktablari, treninglar va seminarlarni o`tkazishda foydalaniladi.
Tadbir doirasida Toshkent shahridagi oliy o`quv yurtlari vakillarining ishtirokida Microsoft Education Day seminari ham bo`lib o`tdi. Seminar davomida Microsoft korporasiyasi vakillari qatnashchilarga ta`lim muassasalari uchun Microsoft’ning zamonaviy echimlari to`g`risida ma`lumot berdi.
Jumladan, Microsoft’da maxsus «Innovasion pedagoglar» hamjamiyati mavjud bo`lib, u butun dunyodan minglab o`qituvchilarni birlashtiradi. Har yili mazkur o`qituvchilar orasidan o`quvchilar uchun o`quv jarayonida texnologiyalardan qiziqarli va samarali foydalana oladiganlari E2 Educators Exchange konferensiyasida to`liq kompaniya hisobidan ishtirok etish imkoniyatini qo`lga kiritadi.
Seminar davomida qayd etilganidek, kompaniya o`zining Microsoft Imagine Academy ta`lim resursini rivojlantirmoqda, uning yordamida ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalar va dasturlash to`g`risida bilim olishi mumkin bo`ladi.