AsosiyJamiyat

​Toshkentda ShHT Forumining majlisi bo`lib o`tadi

'​Toshkentda ShHT Forumining majlisi bo`lib o`tadi'ning rasmi

Toshkent shahrida shu yil 11-12 may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XII majlisi o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etiladigan ushbu yirik xalqaro tadbirni yuksak saviyada o`tkazishga tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Majlisda ShHTga a`zo davlatlar – O`zbekiston, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron va Afg`onistonning etakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi va Kotibiyati, O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda, deb yozadi O`zA.

O`tkaziladigan tadbir doirasida ShHT tashkil topganining 15 yilligida, 2016 yil iyun oyida Toshkentda bo`lib o`tgan Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari, ShHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari, xavfsizlik, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikasiya va investisiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari, shuningdek, tashkilotni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi.

ShHT Forumi 12-majlisining kun tartibida 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi taqdim etilib, uning ustuvor yo`nalishlari haqida batafsil ma`lumot beriladi. Mazkur strategiyaning asosiy maqsadlari xavfsizlikni ta`minlash va barqaror rivojlanish bo`yicha ShHT faoliyatining asosiy yo`nalishlariga mos keladi.

    Boshqa yangiliklar