AsosiyJamiyat

​Toshkentda Yunus Rajabiy tavalludining 120 yilligiga fotosuratlar ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda

'​Toshkentda Yunus Rajabiy tavalludining 120 yilligiga fotosuratlar ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda'ning rasmi

O`zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy xalqimiz ehtirom va e`zoziga sazovor bo`lgan san`atkor. U ijro etgan kuy va qo`shiqlar, o`zbek mumtoz qo`shiqchiligi tarixi va rivoji uchun qoldirgan musiqiy merosi madaniyat va san`atimizning nodir boyligidir.

Toshkent Fotosuratlar uyida Yunus Rajabiyning 120 yilligiga bag`ishlangan fotosuratlar ko`rgazmasida buni yanada yaqqol sezish mumkin, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, taniqli rassom A.Mirzaev, O`zbekiston xalq hofizi H.Rajabiy va boshqalar Yunus Rajabiy merosi xalqimiz va navqiron avlod ma`naviyatini yuksaltirish, ular qalbida milliy mumtoz kuy va ashulalarga mehr o`yg`otishda muhim o`rin tutayotgani xususida so`z yuritdi.

Yunus Rajabiy bolaligidanoq kuy va ijroga bo`lgan qiziqishi sabab, akasi, mohir sozanda Rizqi Rajabiyga taqlid qilar edi. Bir bor tinglagan musiqani yoddan takror chala olgan bo`lajak san`atkor nay, dutor, tanbur, doira, afg`on rubobi, fortepyanoda ijrochilik malakasini oshirgan. U Hoji Abdulaziz Rasulov, Ota Jalol, Ota G`iyos, Qori Kamol, Halim Ibodovlardan maqom sirlarini mukammal o`rgangan.

Yunus Rajabiy 5 jildli «O`zbek xalq musiqasi», «Shashmaqom»ning 6 jildli yangi nashri hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to`plamini tayyorlagani, “Musiqa merosimizga bir nazar” kitobi, yaratgan kuy-ashulalari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy oldi. U D.Zokirov, D.Soatqulov, F.Sodiqov, N.Hasanov, K.Jabborov, S.Kalonov, K.Mo`minov, O.Imomxo`jaev, M.Uzoqov, B.Davidova, K.Ismoilova, O.Alimaxsumov, T.Alimatov singari elimiz ardoqlagan san`atkorlarga musiqa ilmini, ijroni o`rgatgan sevimli ustoz ham edi.

Fotoko`rgazmadagi yuzdan ortiq surat-lavha hamda Yunus Rajabiy uy-muzeyidan keltirilgan ustozga tegishli buyumlar, uning kiyimlari, notalar qo`lyozmasi, musiqa asboblari, kitoblari muxlislar diqqatini tortmoqda.

    Boshqa yangiliklar