AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan amaliy uchrashuv o`tkazdi

'​Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan amaliy uchrashuv o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 aprel kuni Janubiy Qozog`iston viloyatiga tashrif buyurdi va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan amaliy uchrashuv o`tkazdi.

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi hamkorlik yaxshi qo`shnichilik, qardoshlik va o`zaro hurmat ruhida izchil rivojlanmoqda. O`zaro aloqalar barcha sohalarda faollashmoqda, deb yozadi O`zA.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 22-23 mart kunlari Qozog`istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarda yangi sahifalar ochdi. Ushbu tashrif chog`ida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Janubiy Qozog`iston viloyatidagi uchrashuvda Prezidentimizning shu yil mart oyida Qozog`istonga davlat tashrifi davomida mamlakatlarimiz o`rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`zaro uchrashuvlar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo`layotganini ta`kidladi.

– Joriy yil mart oyidagi Qozog`istonga tashrifimizdan so`ng o`zaro hamkorligimizning barcha yo`nalishlari bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqdik. Vazirlar va hududlar rahbarlarining uchrashuvlari faollashdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Nursulton Nazarboev oldingi uchrashuvdan keyin mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar yanada faollashganini qayd etdi.

– Shu yilning birinchi choragida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar sezilarli darajada oshdi. Transport-logistika, avtosanoat sohalaridagi va hududlararo hamkorlikni alohida ta`kidlash joiz. 2017 yilning dastlabki uch oyida o`zaro tovar ayirboshlash 37 foizga ko`paydi, – dedi Qozog`iston Prezidenti.

Prezident Shavkat Mirziyoev Prezident Nursulton Nazarboevga bugungi uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston-Qozog`iston hamkorligidagi ijobiy sur`atlar barqaror saqlanishi va yanada rivojlanishiga ishonch bildirdilar.

Boshqa yangiliklar