1

​Prezident Shavkat Mirziyoev yangi elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

Jamiyat 03.05.2017, 09:27
Teglar: Shavkat Mirziyoev, Prezident
​Prezident Shavkat Mirziyoev yangi elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 may kuni Evropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegasiyasi rahbari etib tayinlangan Eduards Stiprays, Qirg`iziston Respublikasi, Fransiya Respublikasi, Italiya Respublikasi, Chexiya Respublikasi, Yaponiya, Misr Arab Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Daniyar Sidiqov, Violen de Vilmor, Andrea Bertossi, Yaroslav Siro, Nobuaki Ito, Amani al-Itr, Ahmet Bashar Shen, Hisham bin Mishal al-Suveylimdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Prezidentimiz diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O`zbekiston ushbu davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratishini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab puxta o`ylangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda, dedi Shavkat Mirziyoev. Uning zamirida xalqimizning ko`p asrlik tarixi, madaniyati, an`ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassamdir.

O`zbekistonning tashqi siyosati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlab qo`yilgan asosiy huquqiy tamoyillarga va Konstitusiyamizga, mamlakatimiz o`z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga to`liq mos holda amalga oshirilmoqda.

Biz bundan buyon ham tashqi siyosatimizni olib borishda O`zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida belgilangan strategik vazifalar va ustuvor yo`nalishlarga tayanamiz.

Biz o`zimiz tanlagan, tinchlikparvarlikka asoslangan, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy vositalar bilan hal etishga qaratilgan yo`lga doimo sodiqmiz, dedi davlatimiz rahbari.

Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo`shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob`ektlarining O`zbekiston hududida joylashuviga, harbiylarimizning chet ellardagi operasiyalarda ishtirok etishiga yo`l qo`ymaslik davlatimizning qat`iy siyosiy pozisiyasi bo`lib qoladi.

Tashqi siyosat sohasidagi barcha hamkorlarimizga nisbatan ochiqlik va xayrixohlik ruhida, pragmatik siyosat olib boramiz, deb ta`kidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev.

O`zbekiston Evropa Ittifoqi bilan samarali munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Buning mustahkam huquqiy negizini Sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim tashkil etadi. Ushbu hujjat asosida ko`p qirrali munosabatlarning ta`sirchan mexanizmlari – Hamkorlik kengashi va qo`mitasi, Parlamentlararo hamkorlik qo`mitasi va boshqa tuzilmalar faoliyat ko`rsatmoqda.

“Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlarning navbatdagi uchrashuvi shu yil kuzda O`zbekistonda o`tkazilishi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam beradi.

O`tgan yili “To`qimachilik bitimi”ning Evropa parlamenti tomonidan tasdiqlangani savdo-iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun yangi istiqbollar ochmoqda.

Mamlakatimiz O`zbekiston – Evropa sherikligining keng ko`lamli investisiya dasturi doirasida Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha faol ish olib bormoqda.

O`zbekiston dunyodagi barcha davlatlar, avvalo, qo`shni mamlakatlar bilan yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratmoqda.

Xalqimizda “Yon qo`shni – jon qo`shni”, “Qo`shning tinch – sen tinch” degan maqollar bor. Bular tarix tajribasidan kelib chiqib, necha ming yillik yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini inobatga olib aytilgan buyuk hikmatli so`zlardir.

O`zbekiston Respublikasi Qirg`iziston Respublikasi bilan o`zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga ko`tarishni muhim vazifa deb biladi. Xalqlarimiz o`rtasidagi zamonlar sinovidan o`tgan qardoshlik rishtalari o`zaro hurmat va do`stlik munosabatlari, mushtarak madaniy qadriyatlar orqali uzviy bog`lanib ketgan.

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atamboevning Samarqand shahrida o`tkazgan muzokaralari ikki tomonlama hamkorlik sohasida yangi sahifa ochdi. Mamlakatimiz Qirg`iziston bilan o`zaro hurmat, bir-birining manfaatlarini tan olish asosida va xalqaro huquq me`yorlariga muvofiq tarzda yanada samarali hamkorlik qilishga tayyor.

O`zbekiston bilan Fransiya o`rtasidagi keng ko`lamli aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashi doimiy a`zosi sifatida Fransiya O`zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish bo`yicha tashabbusini qo`llab-quvvatlagan.

Davlatlarimiz o`rtasida faol siyosiy muloqot olib borilmoqda. Shu yil mart oyida O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Parijga, aprel oyida esa Fransiya tashqi ishlar vaziri Toshkentga tashrif buyurdi.

Fransiya kompaniyalarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ishtirokini, ikki tomonlama savdo hajmi o`sib borayotganini alohida qayd etish zarur. O`zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligining tuzilmasi ish boshladi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik o`zaro aloqalarning muhim yo`nalishi hisoblanadi. Yoshlarimizning fransuz tilini puxta o`rganishi uchun “Fransuz alyansi”ning mamlakatimizdagi faoliyati qo`llab-quvvatlanmoqda.

O`zbekiston bilan Italiya o`rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat parlamentlari orasida yaqin va samarali hamkorlik yo`lga qo`yilgani e`tiborga sazovordir.

Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasidagi hamkorlik hamda eksport kreditlari bo`yicha O`zbekiston – Italiya hukumatlararo ishchi guruhining shu yil Rim shahridagi navbatdagi yig`ilishi ikki tomonlama savdo-sotiq hajmining o`sishi, iqtisodiyotimizga Italiya sarmoyalari ortishi uchun qulay shart-sharoit yaratadi.

2009 yilda Toshkent shahrida ochilgan Turin politexnika universiteti O`zbekiston yoshlari havas bilan intiladigan oliy o`quv yurtlaridan biridir. Iqtisodiyotning real sektoridagi talabni inobatga olgan holda, joriy yilda mazkur universitet uchun qabul kvotalarini oshirish masalasi ko`rib chiqilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi bilan Chexiya Respublikasi o`rtasidagi do`stona munosabatlar mustahkamlanmoqda. 2015 yilda Chexiya Senati raisi M.Shtex, joriy yil fevral oyida Deputatlar palatasi raisi Ya.Gamachek boshchiligidagi delegasiyalar mamlakatimizda bo`ldi. Tomonlar turli darajadagi, jumladan, oliy maqomdagi tashriflarni amalga oshirishdan manfaatdor.

Savdo, investisiya va turizm sohalarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlardan kelgusida O`zbekiston va Chexiya ravnaqi, xalqlarimiz farovonligi yo`lida keng foydalanish mumkin.

Yaponiya O`zbekistonning tashqi siyosatida alohida o`rin tutadigan strategik hamkoridir. Yaponiya nafaqat iqtisodiy rivojlangan, balki global muammolarni hal etishda tobora sezilarli rol o`ynayotgan qudratli davlatdir.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening 2015 yil oktyabrda O`zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ko`p qirrali hamkorligimizni strategik sheriklik ruhida rivojlantirish yo`lida yangi qadam bo`ldi.

O`zbekiston Yaponiya bilan investisiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmasi, kommunikasiya, mashinasozlik kabi istiqbolli tarmoqlar bo`yicha loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshida tashkil etiladigan O`zbekiston – Yaponiya yoshlar innovasiya markazining ishga tushirilishi mo`ljallanmoqda. Mazkur markaz sanoat tarmoqlariga eng ilg`or innovasion g`oya va texnologiyalarni keng tatbiq etish, soha rivojini yangi bosqichga ko`tarishda katta ahamiyatga ega bo`ladi.

O`zbekiston va Misr xalqlarini ko`p asrlik rishtalar, mushtarak madaniy qadriyatlar bog`lab turadi. Nil daryosida suv hajmini o`lchaydigan noyob qurilma – nilomer uskunasini yaratgan buyuk ajdodimiz Ahmad Farg`oniyning boy ilmiy merosi bilan xalqlarimiz birdek faxrlanadi.

Alloma bobomizning Qohira shahrida barpo etilgan muazzam haykali timsolida Misr xalqining o`zbek xalqiga bo`lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasini ko`ramiz.

O`zbekiston nafaqat mintaqada, balki arab va musulmon olamida katta obro`-e`tiborga ega Misr Arab Respublikasi bilan an`anaviy do`stona hamkorlikni yangi bosqichga ko`tarishdan manfaatdor.

Turkiya O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo`lib tan olgan davlatlardan. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onning Samarqandda o`tgan muzokaralari davlatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish jarayonini boshlab berdi.

O`zbekiston ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha barcha sohalarni qamrab olgan Amaliy harakatlar rejasini, ya`ni o`ziga xos “yo`l xaritasi”ni qabul qildi. O`zaro savdo hajmini ko`paytirish va istiqbolli investisiya loyihalarni amalga oshirishda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya faoliyatiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Yaqinda O`zbekiston hukumat delegasiyasining Turkiyaga tashrifi chog`ida savdo va sarmoyaviy, turizm, transport kommunikasiyalari, logistika va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlar o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qiladi.

Turkiya tashqi ishlar vazirining yaqinda O`zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida ana shu masalalar muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan hamkorlik O`zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

So`nggi yillarda haj amalini ado etishni istayotgan yurtdoshlarimiz ortib borayotganini inobatga olib, 2017 yilda mamlakatimizdan haj ziyoratiga boruvchilar soni oshirildi.

O`zbekiston Saudiya Arabistoni bilan xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar, jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti bilan o`zaro munosabatlarga alohida ahamiyat qaratadi. O`zbekiston hozirgi vaqtda ushbu tashkilotning Tashqi ishlar vazirlari kengashi faoliyatiga raislik qilmoqda.

O`zbekiston Saudiya Arabistoni bilan o`zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy sohalarda yanada faollashtirish tarafdori.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev elchilarni mamlakatimizda ish boshlayotgani bilan samimiy tabriklab, ularning mas`uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Sharhlar

Prezidentning Tojikistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi

19.04.2024, 18:05

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Kuni kecha O`zbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon...
O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy davr boshlanmoqda

19.04.2024, 14:58

Dushanbega davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati...
O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha davlat komissiyasi tashkil etildi

03.02.2023, 11:00

O`zbekiston Prezidenti “O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonni imzoladi.Hujjat bilan O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha...
⚡️Shavkat Mirziyoev Andijonga jo`nab ketdi

01.02.2023, 09:59

Prezident Shavkat Mirziyoev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga jo`nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.Ma`lum qilinishicha, tashrif davomida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1