Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 6 may kuni poytaxtimizning Oybek ko`chasidagi ko`p qavatli uylarda ishga tushirilgan zamonaviy, energiyatejamkor lokal qozonxonalarni borib ko`rdi, deb yozadi O`zA.
Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, xonadonlar va ijtimoiy soha ob`ektlarini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan uzluksiz ta`minlash bo`yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 20 apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish dasturi to`g`risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko`tarishda muhim omil bo`lmoqda.
Ushbu qarorga muvofiq Toshkent shahrida issiqlik ta`minoti tizimini yangilash va modernizasiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo`lgan mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik tarmog`ini o`rnatish, ko`p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha ob`ektlarining lokal issiqlik ta`minoti tizimini rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamli vazifalar belgilangan.
Poytaxtimizdagi markazlashgan issiqlik ta`minoti tizimi o`tgan asrning 60-70 yillarida barpo qilingan bo`lib, bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlar texnik va ma`naviy eskirgani, markaziy qozonxonalar iste`molchilardan uzoq masofada joylashganligi sababli issiqlik etkazib berishda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagi qarorga asosan poytaxtimiz tumanlarida zamonaviy qozonxonalar qurish, quyosh energiyasi bilan suvni isitadigan gelioqurilmalar negizida uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlarni issiqlik bilan ta`minlash tizimini barpo etish bo`yicha dastur ishlab chiqilmoqda.
Unga ko`ra joriy yilda poytaxtimizda jami 211, jumladan, ko`p qavatli uylar tom qismida 134, mavzelar hududida 77 mahalliy qozonxona quriladi. Ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan 170 milliard so`m mablag` tijorat banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oybek ko`chasidagi 40- va 42-uylarda ishga tushirilgan qozonxonalar gelio suv isitgichlari bilan jihozlangan. Ushbu qozonxona an`anaviy markazlashgan isitish tizimiga qaraganda birmuncha afzalliklarga ega. Avvalo, qozonxonada zamonaviy texnologiya asosida quyosh nuridan issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, xonadonlarga kerakli miqdorda taqsimlanadi. Bu yoqiladigan tabiiy gazni tejash, iste`molchilarga issiqlik energiyasi etkazib berishda yo`qotishlar va qish mavsumida avariya holatlarining oldini olish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.
Qozonxonada soatiga 146 kilovatt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyihaning qiymati 460 million so`m bo`lib, xarajatlar “Toshissiqquvvati” ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi hisobidan qoplangan.
Uy yuqorisidagi texnik qavatda qozonxona, tomda quyosh kollektorlari o`rnatilgan. Davlatimiz rahbari ushbu lokal qozonxonani ko`zdan kechirdi.
Quyosh suv isitgichlari ekologik tozaligi, ko`p xizmat talab etmasligi va uzoq muddat foydalanish mumkinligi bilan ajralib turadi. Bunday qurilmalar nafaqat quyoshli, balki bulutli kunlarda ham energiya ishlab chiqara oladi.
Mazkur sohadagi ishlardan ko`zlangan asosiy maqsad ko`p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishdir, dedi Prezidentimiz. Kommunal sohani yanada takomillashtirish va ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun quyosh energiyasi asosida ishlaydigan issiqlik energiyasi tizimiga o`tishni hayotning o`zi taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida kelgusi uch yilga mo`ljallangan alohida tizim ishlab chiqamiz. Bu tizim quyosh energiyasi yordamida uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlarni issiq suv va energiya bilan uzluksiz ta`minlash, energiya resurslarini tejash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari gelioqurilmalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar mahsulotlari namunalari bilan ham tanishdi.
Qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo`llash, malakali mutaxassislarni jalb etish borasida zarur ko`rsatmalar berildi.






